Quyosh 100 baravar kengaysa ham Yer saqlanib qolishi mumkin

Quyosh 100 baravar kengaysa ham Yer saqlanib qolishi mumkin

Belgiyadagi KU Leuven Astronomiya instituti olimlari Yer sayyorasi kelajakda Quyosh hayotining so‘nggi bosqichlaridan omon chiqishi mumkinligini ma’lum qildi. Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, bu ehtimol avval o‘ylanganidan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Tadqiqot Astronomy & Astrophysics ilmiy jurnalida e’lon qilingan. Olimlar Quyoshga o‘xshash, ammo hayotining yakuniy bosqichiga yetib kelgan yulduzni kuzatish orqali Yerning kelajak taqdirini qayta baholadi.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, taxminan 5 milliard yildan keyin Quyosh o‘z yadrosidagi vodorod zaxirasini tugatadi. Shundan so‘ng u qizil gigantga aylanib, hozirgi hajmidan qariyb 100 baravargacha kengayishi mumkin.

Bu jarayonda Yerga bir vaqtning o‘zida ikki xil ta’sir kuzatiladi. Bir tomondan, Quyoshning keskin kengayishi sayyorani o‘ziga tortishi mumkin. Ikkinchi tomondan esa, yulduz tashqi qatlamlarini yo‘qotib, massasi kamayadi. Natijada uning tortish kuchi susayib, Yer yanada uzoqroq orbitaga siljishi ehtimoli paydo bo‘ladi.

Tadqiqot muallifi Mats Esseldersning ta’kidlashicha, Yerning kelajagi aynan shu ikki jarayon o‘rtasidagi muvozanatga bog‘liq. Agar Quyoshning tortish kuchi ustun kelsa, sayyora yutilib ketadi. Aks holda esa Yer xavfli hududdan chiqib ketishi mumkin.

Olimlar bu xulosaga kelish uchun Yerdan taxminan 200 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan L2 Puppis yulduzini ham kuzatishgan. U bir vaqtlar Quyoshga o‘xshagan bo‘lib, hozir hayotining oxirgi bosqichini boshdan kechirmoqda.

Zamonaviy gravitatsion modellar asosida o‘tkazilgan hisob-kitoblar Yer kengaygan Quyosh ta’siridan chiqib ketishi mumkinligini ko‘rsatgan. Biroq olimlar bu xulosani to‘liq tasdiqlash uchun qo‘shimcha kuzatuvlar va aniqroq ma’lumotlar zarurligini ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, tadqiqotchilar Merkuriy va Venera qizil gigantga aylangan Quyoshning tashqi qatlamlari tomonidan yutib yuborilishi ehtimoli juda yuqori ekanini qayd etgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar