Ovozi eshitiladi, ammo o‘zi ko‘rinmaydi: yangi maymun topildi

Ovozi eshitiladi, ammo o‘zi ko‘rinmaydi: yangi maymun topildi

Kongo Demokratik Respublikasining zich tropik o‘rmonlarida olimlar fanga avval noma’lum bo‘lgan yangi maymun turini aniqladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu so‘nggi 75 yil ichida Afrikada rasman tasniflangan beshinchi yangi maymun turi hisoblanadi.

Nodir jonivor Lomami milliy bog‘idagi baland daraxtlar orasida yashaydi. Uni ilk bor mahalliy tabiat muhofazachilari 2008 yilda ko‘rgan bo‘lsa-da, o‘shanda faqat bitta xira suratga olishning uddasidan chiqilgan.

Oradan o‘n yil o‘tib, maymun yana kuzatilgach, Kongo, AQSH va Germaniya olimlaridan iborat xalqaro tadqiqotchilar guruhi uni izlashga kirishdi. Audioyozuvlar, fotosuratlar va genetik tahlillar natijasida bu mutlaqo yangi tur ekani tasdiqlandi.

Tadqiqotga rahbarlik qilgan Florida Atlantika universiteti tadqiqotchisi Junior Ambokoning aytishicha, mahalliy aholi bu maymunni avvaldan bilib, uni «Likveli» deb atab kelgan. Biroq u juda ehtiyotkor jonivor bo‘lgani uchun deyarli hech qachon ko‘zga tashlanmaydi.

Olimlar 52 ta qishloq aholisi bilan suhbat o‘tkazgan. Shundan atigi sakkizta qishloq aholisi ushbu maymunni avval ko‘rganini ma’lum qilgan.

Yangi turga Colobus congoensis deb nom berildi. U kolobuslar oilasiga mansub bo‘lib, asosan daraxtlarda yashaydi va o‘simliklar bilan oziqlanadi. Mutaxassislar ushbu maymunlar o‘rmonlarda urug‘larni tarqatish orqali ekotizim muvozanatini saqlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidlamoqda.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, jonivorning eng qiziq xususiyati uning ovozidir. Maymun o‘ziga xos baland «bo‘kiruvchi» tovush chiqaradi, ammo daraxtlarning eng yuqori qismida yashiringani uchun uni ko‘rish juda qiyin.

«Ularning ovozini tez-tez eshitasiz, ammo o‘zini deyarli hech qachon ko‘rmaysiz», — deydi tadqiqot rahbari Junior Amboko.

Olimlar bu tur juda kamyob ekanini, yashash hududi cheklanganini va ayrim joylarda go‘shti uchun ovlanishini ma’lum qildi. Shu bois Colobus congoensis turini rasman muhofaza ostiga olish va uning soni hamda yashash tarzini chuqurroq o‘rganish ishlari boshlanishi rejalashtirilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar