«O‘ladigan bo‘lsak, birga o‘lamiz»: samolyotdan chiqib qolgan yo‘lovchining rafiqasi voqeani so‘zlab berdi

«O‘ladigan bo‘lsak, birga o‘lamiz»: samolyotdan chiqib qolgan yo‘lovchining rafiqasi voqeani so‘zlab berdi

Gretsiya osmonida Ryanair aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737 NG samolyoti ishtirokida sodir bo‘lgan favqulodda hodisa yo‘lovchilarni jiddiy sarosimaga soldi. Parvoz vaqtida illyuminatorlardan biri sinib ketishi oqibatida samolyotda bosim buzildi va yo‘lovchilardan biri havo oqimi ta’sirida qisman tashqariga tortilib ketdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 10 iyul kuni Salonikidan Germaniyaning Memmingen shahriga yo‘l olgan reysda sodir bo‘lgan. Samolyot havoga ko‘tarilganidan taxminan 10 daqiqa o‘tgach, yo‘lovchilar kuchli portlashga o‘xshash ovozni eshitgan va layner shoshilinch ravishda pastlay boshlagan.

Illyuminator yonida o‘tirgan 61 yoshli Serbiya fuqarosi Lyubisha Karovich bosimning keskin o‘zgarishi sababli tashqi tomonga tortila boshlagan. Uni orqasida o‘tirgan rafiqasi Svetlana Grkovich erining oyog‘idan ushlab qolgan, yonidagi boshqa yo‘lovchi esa qo‘lidan mahkam tutgan. Keyinroq yana bir erkak yordamga kelib, ular birgalikda jabrlanuvchini salon ichiga tortib olishga muvaffaq bo‘lgan. Erkakning xavfsizlik kamari taqilgani uning hayotini saqlab qolishda muhim omil bo‘lgan.

Svetlana Grkovichning aytishicha, voqea davomida eri bir necha marta hushini yo‘qotgan. U o‘sha daqiqalarni eslar ekan: «O‘ladigan bo‘lsak, birga o‘lamiz», degan so‘zlarini aytdi. Uning ta’kidlashicha, jabrlanuvchining og‘zi va burnidan qon kelgan, biroq bort kuzatuvchilari tomonidan yetarli yordam ko‘rsatilmagan. Hatto suvni ham boshqa yo‘lovchilar olib kelib bergan.

Yo‘lovchilar singan illyuminatorni chamadon bilan to‘sishga uringan, ammo kuchli havo oqimi uni ham tashqariga tortib ketgan.

Samolyot tez orada Saloniki aeroportiga qaytarildi va xavfsiz qo‘ndirildi. Lyubisha Karovich shifoxonaga yetkazilib, hozirgacha davolanmoqda. Rafiqasining so‘zlariga ko‘ra, u og‘ir ruhiy zarba olgan, qo‘li jarohatlangan va hozircha sodir bo‘lgan voqeani to‘liq eslay olmaydi.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisaga samolyotning o‘ng dvigatelidagi nosozlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ayrim mutaxassislar dvigatel bo‘lagi illyuminatorga urilganini taxmin qilmoqda. Biroq bu versiya hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q.

Hodisa yuzasidan xalqaro tekshiruv boshlangan. Tergovda AQSH Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (FAA), Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA), Gretsiyaning HARSIA idorasi hamda Boeing kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Ryanair aviakompaniyasi esa qisqa bayonot bilan chiqib, illyuminator shikastlangani sabab samolyot Salonikiga qaytgani va reys xavfsiz qo‘ndirilganini ma’lum qildi. Kompaniyaning bildirishicha, jabrlangan yo‘lovchiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar