Ota-onasi izlagan qiz 35 yil davomida yonida yashagan ekan

Xitoyda 35 yil oldin yo‘qolib qolgan qiz uzoq yillik qidiruvlardan so‘ng o‘zining haqiqiy oilasi bilan qayta uchrashdi. Eng hayratlanarlisi, u shu yillar davomida o‘z ota-onasidan atigi 100 metr masofada, qo‘shni ko‘chada yashab kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Mothership nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 37 yoshli Suy Nin 1991 yilda Guansi-Chjuan avtonom rayonining Nannin shahridagi bozorda yo‘qolib qolgan. O‘sha paytda uning oilasi mazkur hududda ijarada yashar, otasi esa bozorda oziq-ovqat mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanardi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘qolgan kuni otasi ikki yoshli qiziga ozgina pul berib, yaqindagi do‘kondan bulochka olib kelishni so‘ragan. Biroq qizaloq yo‘ldan adashib, katta ulgurji bozor tomon ketib qolgan. U yerda uni bir sotuvchi ayol payqab, bolaning yo‘qolganini anglab yetgach, karnay orqali uning ota-onasini topishga harakat qilgan. Ammo barcha urinishlarga qaramay, hech kim kelmagan.
Shundan so‘ng xitoylik ayol qizaloqni o‘z uyiga olib ketib, uni o‘z farzandidek tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Bu vaqtda esa qizchaning biologik ota-onasi yana bir necha yil Nannin shahrida qolib, o‘sha bozorda ishlashda va qo‘shni ko‘chada yashashda davom etgan. Afsuski, Suy Ninning otasi butun umri davomida qizini izlagan bo‘lsa-da, u qizi bilan uchrashishga ulgurmay, bir necha yil avval vafot etgan.
Keyinchalik asrab olgan oilasi bilan Debao shahriga ko‘chib o‘tgan Suy Nin haqiqiy ota-onasini mustaqil ravishda izlashni boshlagan. 7 iyul kuni u bedarak yo‘qolgan qarindoshlarni qidirish bo‘yicha maxsus xizmatda ro‘yxatdan o‘tgan va oradan bir necha soat o‘tgach, uning singlisi u bilan bog‘langan.
Shundan so‘ng opa-singillar DNK tahlilini topshirgan va natijalar ularning qarindosh ekanini tasdiqlagan. Keyin esa Suy Nin 35 yillik ayriliqdan so‘ng onasi va singlisi bilan diydorlashish baxtiga muyassar bo‘lgan.






























Izohlar 0
…