Xitoyda kelin qaynonasini kaltaklab, to‘rt qovurg‘asini sindirdi

Xitoyning Szyasin shahrida bir oilada yuz bergan janjal og‘ir oqibatlarga olib keldi. Nevaralariga yetarlicha e’tibor bermaganlikda ayblangan qaynona kelinining hujumi oqibatida og‘ir tan jarohati oldi.
South China Morning Post ma’lumotiga ko‘ra, er-xotin turli shaharlarda mehnat qilgani sababli ikki nafar farzandini buvi qaramog‘iga qoldirgan. Bolalarning aniq yoshi ochiqlanmagan.
Mojaro bolalardan biri uydagi kuzatuv kamerasi orqali onasiga o‘zini yomon his qilayotganini aytgach boshlangan. Bolaning ta’kidlashicha, buvi uning haroratini o‘lchashdan bosh tortgan.
Bu xabardan xavotirlangan ona darhol poyezd orqali qaynonasining uyiga yetib kelgan. Suhbat davomida qaynona bolalarni tarbiyalash qiyinligini, o‘zining ham tishi qattiq og‘riyotganini aytgan. Kelini uni shifoxonaga olib borishni taklif qilgan, ammo ayol buni rad etib, sevgilisi bilan uchrashuvga chiqmoqchi ekanini bildirgan.
Shundan keyin kelin jahli chiqib, qaynonasiga tashlangan. Oqibatda ayolning yuzi jarohatlangan va to‘rtta qovurg‘asi singan.
Ma’lum qilinishicha, bu qaynonaning bolalarga qaramagani uchun kelini bilan birinchi mojarosi emas.
Oilaning o‘g‘li Syao xotinini himoya qilib, onasini farzandlardan ko‘ra shaxsiy hayotini ustun qo‘yganlikda ayblagan. Biroq uning opasi bu fikrga qo‘shilmagan. Uning aytishicha, Shen ko‘p yillar davomida og‘ir mehnat qilib, kam maosh evaziga farzandlarini katta qilgan hamda ularga 100 ming yuandan ortiq moliyaviy yordam ko‘rsatgan.
Shen esa nevaralarini doimiy parvarish qilish majburiyatini zimmasiga olmasligini bildirgan. Hujumdan keyin u ishlash imkoniyatini ham vaqtincha yo‘qotgan.
Yurist Ma Szunchjening ta’kidlashicha, mazkur holat bo‘yicha kelinga nisbatan qasddan tan jarohati yetkazish moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin. Agar aybi isbotlansa, unga uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi ehtimoldan xoli emas.
Mutaxassis eslatishicha, Xitoy qonunchiligiga ko‘ra, farzandlarni tarbiyalash va ularga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha asosiy javobgarlik ota-ona zimmasiga yuklangan bo‘lib, bu vazifa bobo va buvilar uchun majburiy hisoblanmaydi.






























Izohlar 0
…