Uch kun dengizda qolgan yetti yoshli qizcha tirik topildi

Uch kun dengizda qolgan yetti yoshli qizcha tirik topildi

Indoneziya qirg‘oqlari yaqinida qayiq halokatidan keyin ochiq dengizda uch kun tirik qolgan besh nafar inson qutqarib olindi. Ular orasida yetti yoshli qizaloq ham bor. Ayni paytda kamida 20 nafar bedarak yo‘qolgan shaxsni izlash ishlari davom etmoqda. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, omon qolganlar — bir erkak, uch ayol va yetti yoshli qizcha 18 iyul kuni kechqurun baliqchilar kemasi tomonidan Sulavesi oroli yaqinidagi Matallang oroli atrofida aniqlangan. Keyin ular qutqaruv xizmati kemasiga olib o‘tilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, KM Nurul Salsa nomli qayiq 15 iyul kuni dvigateli ishdan chiqqanidan keyin cho‘kib ketgan. Hodisa vaqtida qayiqda jami 78 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Qutqarilganlarning so‘zlariga ko‘ra, ular suv yuzida tirik qolish uchun baliq ovlash to‘rlari, plastik kanistralar va suvda suzib yurgan turli qoldiqlardan foydalangan. Ayrimlari ularni arqonlar bilan bog‘lab, vaqtinchalik suzish vositasini yasashga muvaffaq bo‘lgan.

Mahalliy qutqaruv xizmati vakili Muhammad Arif Anvarning aytishicha, kema cho‘kkanidan keyin har kim qo‘liga ilingan buyum yordamida jonini saqlab qolishga harakat qilgan.

Qutqarilganlar dastlab 25 kishilik guruh bo‘lganini, ammo kuchli shamol va dengiz oqimlari sababli bir-biridan ajralib qolishganini ma’lum qildi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, qayiq halokatidan keyingi birinchi kuniyoq 47 nafar inson qutqarilgan. Shuningdek, bir kishining halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Hozirda bedarak yo‘qolganlarni izlash ishlariga beshta qutqaruv kemasi, razvedka samolyoti hamda vertolyot jalb qilingan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar