Sayyohlar bahaybat grizli ayig‘i bilan yuzma-yuz qoldi

AQSHning Alyaska shtatida uch nafar sayyoh uchun oddiy sayr kutilmagan xavfli holatga aylandi. Ular tog‘ yo‘lagida to‘satdan bahaybat grizli ayig‘i bilan yuzma-yuz kelib qoldi. Hodisa tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Voqea Anan Creek Wildlife Observatory hududida sodir bo‘lgan. Sayyohlar burilishdan o‘tayotganida laqabi «Scuba Sue» bo‘lgan grizli ayig‘iga duch kelgan. Ayiq o‘sha vaqtda daryoga kelishi kerak bo‘lgan losos baliqlarini qidirayotgan edi.
Sayyohlar aytishicha, ular park reyndjerlari bergan xavfsizlik qoidalariga amal qilib, sarosimaga tushmasdan ayiq bilan xotirjam ovozda gaplashgan va sekinlik bilan orqaga chekinib, unga yo‘l bo‘shatgan.
«Juda qattiq qo‘rqdik. Ammo reyndjerlar aytgan maslahatlarni eslab, xotirjam qolishga harakat qildik», — dedi sayyoh Tanya Tompson.
Bir necha daqiqalik tarang vaziyatdan keyin grizli ayig‘i odamlarga tegmasdan yo‘lida davom etgan.
Doktor Mishel Linn Tallerning ta’kidlashicha, bu yil losos baliqlari daryoga odatdagidan kechroq kelayotgani sababli ayiqlar och qolgan va bu kabi uchrashuvlar yanada xavfli tus olishi mumkin.
AQSH Milliy bog‘lar xizmati mutaxassislari bunday holatlarda qochmaslik, keskin harakat qilmaslik, ayiq bilan xotirjam ovozda gapirish va imkoni boricha unga yo‘l berishni tavsiya etadi.






























Izohlar 0
…