Pokiston Kashmirida politsiya 30 nafar namoyishchini otib o‘ldirdi

Pokiston nazoratidagi Kashmir hududida saylovlar paytida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar oqibatida politsiya o‘qidan kamida 30 nafar inson halok bo‘ldi. Taqiqlangan Avami harakat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning 25 nafari 27 iyul kuni, qolgan 5 nafari esa 28 iyul kuni vafot etgan va voqea ortidan qariyb 20 nafar kishi jarohat olgan. Amnesty International tashkiloti mazkur hodisa yuzasidan tezkor, mustaqil hamda shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
Pokiston nazoratidagi Kashmir hududida saylovlar davomida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar oqibatida kamida 30 nafar inson halok bo‘ldi. Hodisadan so‘ng mintaqada xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Taqiqlangan Avami harakat qo‘mitasi (JAAC) ma’lum qilishicha, qurbonlar politsiya tomonidan o‘q uzilganidan keyin halok bo‘lgan. Harakat vakillarining iddaosiga ko‘ra, 27 iyul kuni kamida 25 nafar, 28 iyul kuni esa yana besh nafar kishi vafot etgan.
JAAC faollaridan biri Imtiaz Aslamning video murojaatida aytilishicha, politsiya bilan yuz bergan to‘qnashuvlarda tinch aholi va yoshlar orasida ham qurbonlar bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida harakat asoschisi Omar Nazir Kashmirining ukasi Usman Nazir hamda ikki nafar Balujistonlik fuqaro ham bor. Shuningdek, qariyb 20 nafar kishi turli darajada jarohat olgan.
Harakat matbuot kotibi SA Xonning ta’kidlashicha, Mirpur shahrida xavfsizlik kuchlari qurolsiz namoyishchilarga qarshi o‘qotar qurol ishlatgan. Uning iddaosiga ko‘ra, keyinchalik halok bo‘lganlarning jasadlari voqea joyidan olib ketilgan. Bu da’volar hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Amnesty International tashkiloti voqea yuzasidan tezkor, mustaqil va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi. Shuningdek, tashkilot hududda internet aloqasini tiklash hamda ommaviy axborot vositalari va mustaqil kuzatuvchilarga hududga kirish imkonini berish zarurligini bildirdi.
Pokiston hukumati esa tinch namoyishchilarga qarshi o‘q uzilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Mamlakat axborot vaziri Atta Tarar namoyishlar ortida Hindiston turganini da’vo qildi. JAAC vakillari esa bu ayblovlarni asossiz deb baholab, ularning harakati mahalliy aholining ijtimoiy va iqtisodiy talablariga qaratilganini ta’kidladi.






























Izohlar 0
…