Yo‘lbarsga yolg‘iz qarshi chiqqan kelin qaynonasining hayotini saqlab qoldi

Hindistonning Uttarakhand shtatida o‘roq bilan qurollangan 50 yoshli Mohani Devi yirtqich hujumiga uchragan 67 yoshli qaynonasi Basanti Devining hayotini saqlab qoldi. Hodisa 26 iyul kuni Ramnagar o‘rmon xo‘jaligi hududidagi Kunhet qishlog‘ida xashak yig‘ish paytida sodir bo‘lib, kutilmagan zarbalardan cho‘chigan yo‘lbars o‘rmon ichkarisiga qochib ketgan.
Hindistonning Uttarakhand shtatida sodir bo‘lgan voqea ko‘pchilikni hayratga soldi. Oddiy o‘roq bilan yo‘lbarsga qarshi chiqqan kelin 67 yoshli qaynonasini yirtqich hujumidan qutqarib qoldi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 26 iyul kuni Ramnagar o‘rmon xo‘jaligi hududidagi Kunhet qishlog‘ida yuz bergan. 50 yoshli Mohani Devi qaynonasi Basanti Devi bilan o‘rmonga xashak yig‘ish uchun borgan vaqtda qalin butalar orasidan chiqqan yo‘lbars keksa ayolga tashlangan.
Vaziyatni ko‘rgan kelin bir lahza ham ikkilanmasdan yirtqich tomon yugurgan va qo‘lidagi o‘roq bilan unga bir necha marta zarba bergan. Kutilmagan qarshilikdan cho‘chigan yo‘lbars ayolni qo‘yib yuborib, o‘rmon ichkarisiga qochib ketgan.
Jarohatlangan Basanti Devi dastlab Ramnagardagi shifoxonaga yetkazilgan. Keyinroq uning ahvolini yanada sinchiklab nazorat qilish maqsadida Kashipurdagi xususiy klinikaga o‘tkazishgan. Shifokorlar hozircha bemorning ahvolini barqaror deb baholamoqda.
Jabrlanuvchining o‘g‘li Puran Chandraning aytishicha, bu qishloqda qayd etilgan ilk yo‘lbars hujumi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi xavotirda, chunki yirtqich hodisadan keyingi kuni ham qishloq atrofida yana ko‘ringan.
Shu munosabat bilan mahalliy aholi o‘rmon xo‘jaligi idorasidan yo‘lbarsni tutish uchun maxsus qopqon o‘rnatishni hamda jabrlangan oilaga moddiy yordam ajratishni talab qilmoqda. Qishloq oqsoqollari esa xavf saqlanib qolayotganini ta’kidlab, tezkor choralar ko‘rishga chaqirdi.






























Izohlar 0
…