Nyu-Yorkda aniqlangan xavfli kana virusi olimlarni xavotirga soldi

AQSHning Nyu-York shtatida birinchi marta kana orqali yuquvchi xavfli Burbon virusi qayd etildi. Stouni-Bruk tibbiyot markazi olimlarining ta'kidlashicha, ushbu infeksiyaga qarshi na vaksina, na maxsus davolash usuli mavjud bo'lib, uni erta bosqichda aniqlash juda qiyin. Virus "yolg'iz yulduz" deb nomlangan kana turi orqali tarqaladi va uning asosiy belgilari isitma, holsizlik, bosh hamda mushak og'rig'i, terida toshmalar hamda ko'ngil aynishidan iborat.
AQSHning Nyu-York shtatida ilk marta kana orqali yuqadigan xavfli Burbon virusi qayd etildi. Mutaxassislar bu virusni erta bosqichda aniqlash juda qiyinligini ta’kidlab, hozircha unga qarshi na samarali vaksina, na maxsus davolash usuli mavjudligini bildirdi.
Stouni-Bruk tibbiyot markazi olimlari olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, virus “yolg‘iz yulduz” (Lone Star Tick) nomi bilan tanilgan kana turi orqali tarqaladi. Ushbu kana urg‘ochisining orqa qismidagi yulduzsimon oq dog‘ tufayli shunday nom olgan.
Tadqiqotchilarning fikricha, yoz mavsumida kanalar faolligi ortishi bilan virusning tarqalish xavfi ham oshishi mumkin. Shu bois kelgusida kasallikni o‘z vaqtida aniqlash yanada murakkablashishi ehtimoldan xoli emas.
Burbon virusi birinchi marta 2014 yilda AQSHning Kanzas shtatidagi Burbon okrugida aniqlangan. O‘sha paytda virus yuqtirgan ilk bemor vafot etgan. Shundan buyon ushbu infeksiya bilan bog‘liq kamida ikki o‘lim holati rasman tasdiqlangan. Olimlar esa aniqlanmay qolgan boshqa holatlar ham bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, Burbon virusining asosiy belgilari isitma, kuchli holsizlik, bosh va mushak og‘rig‘i, terida toshmalar hamda ko‘ngil aynishi bilan namoyon bo‘ladi. Biroq bu alomatlar kana orqali yuqadigan boshqa kasalliklarga juda o‘xshash bo‘lgani uchun bemorlarga ba’zan noto‘g‘ri tashxis qo‘yilishi mumkin.
Stouni-Bruk tibbiyot markazi professori Luis Markosning aytishicha, Nyu-York va AQSHning shimoli-sharqiy hududlarida mazkur kana turi keng tarqalgan. Shuning uchun shifokorlar kana chaqqan bemorlarni tekshirishda Burbon virusi ehtimolini ham hisobga olishi lozim.
Mutaxassislar virusni barvaqt aniqlash uchun epidemiologik kuzatuvlarni kuchaytirish va laboratoriya diagnostikasini yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidlamoqda.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, “yolg‘iz yulduz” kanalari mamlakatning shimoli-sharqiy, janubiy va markaziy hududlarida keng tarqalgan. Shu bilan birga, mutaxassislar Burbon virusi og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin bo‘lsa-da, uning odamlarda qayd etilishi hozircha juda kam uchrayotganini ham qayd etmoqda.






























Izohlar 0
…