Amasyada robot-ofitsiant zinadan quladi va “ta’tilga” chiqdi

Turkiyaning Amasya shahri markazidagi restoranda qariyb 8 oydan beri mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan «Gayretli» nomli robot xodimlarni hayratga solgan holatga duch keldi.
Stollarga xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib yurgan robot kutilmaganda marshrutidan chiqib ketgan. U o‘ngga-chapga harakatlanib, restoranning chiqish zinapoyasi tomon yo‘nalgan va zinadan pastga qulagan.
Restoran vakili Ibrohim Nuri Bagchuvanning aytishicha, ular robotning ishidan juda mamnun. U voqeani hazil bilan izohlab, restorandagi mavsumiy gavjumlik va ish yuklamasi robotda «ish stressi»ni keltirib chiqargan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
«Biz uni juda yaxshi ko‘ramiz. Lekin yaqinda kichik muammoga duch keldik. U vazifalaridan chetga chiqib ketdi va o‘zini pastga tashladi. Nima bo‘lganini biz ham tushunmadik», — dedi u.
Shundan so‘ng robot ishlab chiqaruvchi kompaniyaga murojaat qilingan. «Gayretli» texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, unga uch kunlik dam olish berilgan. Tekshiruvlar yakunlangach, robot yana restorandagi ishiga qaytgan.
Robotning zinadan qulash jarayoni aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan turli hazilomuz izohlar ham qoldirilgan. Ayrim foydalanuvchilar «robotlar huquqi to‘g‘risida qonun qabul qilish», ularga ko‘proq dam berish va hatto maoshini oshirish kerakligini hazil bilan taklif qilgan.






























Izohlar 0
…