Rossiyada aviakerosin narxi tarixiy rekordni yangiladi

Rossiyada aviatsiya yoqilg‘isi narxi keskin oshib, tarixiy rekord darajaga yetdi. 20 avgustdagi savdolar yakunida Sankt-Peterburg xalqaro tovar-xomashyo birjasida bir tonna aviakerosin 121 864 rubldan sotildi. Bu haqda The Insider xabar berdi.
Bu ko‘rsatkich avvalgi rekorddan ancha yuqori. Yoqilg‘i narxining bunday keskin oshishi Rossiya ichki bozorida aviakerosin taklifi cheklanib borayotgani bilan izohlanmoqda.
Birjadan tashqari bozorda ham narxlar yuqorilamoqda. Mutaxassislar buni aviatsiya yoqilg‘isiga bo‘lgan mavsumiy talabning ortishi, ayrim neftni qayta ishlash zavodlaridagi ta’mirlash ishlari va yetkazib berish logistikasining murakkablashuvi bilan bog‘lamoqda.
Rossiya hukumati ichki bozorda yoqilg‘i ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida aviakerosin eksportini vaqtincha cheklagan. Tegishli taqiq 2 iyundan kuchga kirgan va 30 noyabrgacha amal qiladi.
Avvalroq aviakerosin narxi may oyida ham rekord darajaga ko‘tarilgan edi. O‘sha paytda birja kotirovkalari qariyb 97 ming rublga yetgan. Endi esa bu ko‘rsatkich 120 ming rubldan oshdi.
Narxlarning o‘sishiga jahon neft bozoridagi vaziyat ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro fonida neft narxlarining ko‘tarilishi Rossiya bozoridagi aviayoqilg‘i qiymatiga ham bosim qilgan. Bundan tashqari, Rossiyadagi neftni qayta ishlash korxonalaridagi uzilishlar va ularga berilgan zarbalar yoqilg‘i taklifiga qo‘shimcha bosim yaratgan.
Shu bilan birga, Rossiya Transport vazirligi iyun oyida mamlakatda aviakerosin taqchilligi mavjud emasligini bildirgan edi. Biroq birjadagi yangi rekord narxlar ichki aviatsiya bozori uchun yoqilg‘i masalasi dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda.






























Izohlar 0
…