Qizini 6 yoshidan beri zo‘rlaganlikda gumonlangan ota qo‘lga olindi

Halyqstan Telegram-kanali xabar berishicha, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Sharqiy Qozog‘iston viloyatining Ridder shahrida bir qiz 6 yoshidan boshlab bir necha yil davomida otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lishi mumkin. Hozirda qiz 13–14 yoshda ekani aytilmoqda.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi erkak ish joyida qo‘lga olingan.
Sharqiy Qozog‘iston viloyati Politsiya departamenti ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Ridder shahri politsiya bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Gumonlanuvchi qo‘lga olindi va politsiya bo‘limiga olib kelindi. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov davom etmoqda. Hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida zarur tergov harakatlari olib borilmoqda», — deya ma’lum qildi idora matbuot xizmati.
Tergov jarayoni Sharqiy Qozog‘iston viloyati Politsiya departamenti rahbariyati nazoratida ekani aytildi.
Qozog‘iston Jinoyat-protsessual kodeksining 201-moddasi talablariga muvofiq, ish bo‘yicha boshqa ma’lumotlar hozircha oshkor qilinmaydi.






























Izohlar 0
…