Jag‘ini to‘g‘rilatmoqchi bo‘lgan ayolning yuzi jiddiy o‘zgardi

Xitoyda 24 yoshli ayol jag‘idagi kichik o‘zgarishni to‘g‘rilash maqsadida kosmetik jarrohlik amaliyotidan o‘tdi. Biroq oddiy mikro-korreksiya o‘rniga jag‘i 13 millimetrga oldinga surilib, uning yuzida jiddiy deformatsiya yuzaga kelgan. Bu haqda Xitoy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Uxan shahridagi Uxan universiteti stomatologiya shifoxonasida sodir bo‘lgan. Matbuotda «Victim A» deb atalgan ayol shifokorlarga jag‘idagi juda kichik bo‘rtib turishni to‘g‘rilashni istaganini aytgan. U operatsiya vaqtida jag‘ini atigi 2 millimetrga mikro-korreksiya qilishni so‘ragan.
Biroq jarrohlikdan so‘ng natija kutilganidan butunlay farq qilgan. Ayolning jag‘i orqaga surilishi o‘rniga 13 millimetrdan ortiq oldinga chiqarilgan va natijada yuz tuzilishida sezilarli o‘zgarish paydo bo‘lgan.
Operatsiya jarayonida boshqa asoratlar ham yuzaga kelgan. Jumladan, metall igna bilan tish ildizi shikastlangan, burun to‘sig‘i esa qiyshayib ketgan. Bu holat ayolning burun orqali nafas olishini ham qiyinlashtirgan.
Mutaxassislar mazkur amaliyotda odatda bajarilishi kerak bo‘lgan «jag‘ni 2 millimetrga orqaga surish» o‘rniga, aksincha, teskari jarayon amalga oshirilganini ta’kidlagan. Ya’ni jag‘ 13 millimetrdan ko‘proq oldinga surilgan.

Shunga qaramay, operatsiyani bajargan bosh jarroh ayolning yuzi avvalgidan «ko‘proq g‘arbona va zamonaviy ko‘rinishga kelgani»ni ta’kidlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Victim A ushbu muvaffaqiyatsiz kosmetik operatsiya uchun 55 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘lagan. Biroq mutaxassislar jag‘ini to‘g‘rilash va yuz tuzilishini tiklash uchun kamida besh yil vaqt va 200 ming dollardan ortiq mablag‘ talab etilishini baholagan.
Ekspertlar shuningdek, mazkur holatni oddiy jarrohlik xatosi sifatida baholab bo‘lmasligini qayd etgan. Ularning fikricha, ayoldagi dastlabki kichik muammoni hatto ortodontik davolash yordamida, ya’ni jarrohlik amaliyotisiz ham hal qilish imkoni bo‘lgan.
Voqea haqidagi ma’lumotlar internetda keng tarqalganidan so‘ng, operatsiya o‘tkazilgan shifoxona jarrohlik uchun to‘langan mablag‘ni qaytarishga rozi bo‘lgan.
Shu bilan birga, tegishli sog‘liqni saqlash organlari mazkur holat yuzasidan tekshiruv boshlagan. Endi voqea bo‘yicha huquqiy jarayonlar ham boshlanishi va ish sudgacha yetib borishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…