Trampning yangi matbuot kotibi ilk brifingidan so‘ng lavozimini yo‘qotdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSH Prezidenti Donald Trampning yangi matbuot kotibi Keti Zakariya lavozimga tayinlanganidan besh kun o‘tib, 16 oktyabrda lavozimidan chetlatildi.
- Uning qisqa faoliyati ilk brifingidagi omadsiz chiqishi va yuridik malakasi bilan bog‘liq savollar ortidan tanqidlar markazida qoldi.
- Zakariya 2026 yil 9 oktyabrda tayinlangan bo‘lib, uning Oq uydagi ilk va yagona brifingi 13 oktyabrda bo‘lib o‘tgan.
AQSH Prezidenti Donald Trampning yangi matbuot kotibi Keti Zakariya lavozimga tayinlanganidan besh kun o‘tib ishdan ketdi. Uning qisqa faoliyati ilk brifingidagi omadsiz chiqishi va yuridik malakasi bilan bog‘liq savollar ortidan tanqidlar markazida qoldi. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.
Zakariya 2026 yil 9 oktyabrda matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan. U bungacha konservativ qarashlari bilan tanilgan sharhlovchi sifatida faoliyat yuritgan. Uning Oq uydagi ilk va yagona brifingi 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan.
14 daqiqa davom etgan brifingning taxminan sakkiz daqiqasida Zakariya oldindan tayyorlangan matnni o‘qigan, jurnalistlarning esa atigi uchta savoliga javob bergan. U chiqishi davomida turmush o‘rtog‘i haqida gapirayotib, adashib «prezidentim» deb yuborgan va darhol xatosini tuzatgan.
Shundan so‘ng uning kasbiy malakasi ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tramp Zakariyani advokat sifatida tanishtirgan bo‘lsa-da, u AQSHda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi imtihondan o‘tmaganini tan olgan. Zakariya huquqshunoslik bo‘yicha ta’lim olgan, ammo AQSHda advokatlik litsenziyasiga ega emas.

Uning ilk brifingidan keyingi ommaviy chiqishlari ham tanqidlarga sabab bo‘ldi. 15 oktyabr kuni Tramp jurnalistlar bilan suhbatda Zakariyaga lavozimda qolish-qolmasligini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilganini aytdi.
«Rostini aytsam, sizning o‘rningizda bo‘lganimda, buni qayta ko‘rib chiqardim. Keti, sizga bu ish kerakmi? Menimcha, kerak emas», — dedi AQSH prezidenti.
16 oktyabr kuni The New York Times nashri Zakariya lavozimidan chetlatilgani haqida xabar berdi. Oq uy ma’muriyati vakili esa uning boshqa lavozimga o‘tkazilishi mumkinligini bildirgan.
Zakariya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Tramp uchun ishlash sharaf bo‘lganini ta’kidlab, prezidentga minnatdorlik bildirdi.
Uning matbuot kotibi sifatidagi faoliyati atigi besh kun davom etdi. Bu Oq uy matbuot kotiblari tarixidagi eng qisqa muddatlardan biri bo‘ldi.






























Izohlar 0
…