Quyosh so‘ngach, sayyoralar bilan nima sodir bo‘lishi ma’lum bo‘ldi

Quyosh so‘ngach, sayyoralar bilan nima sodir bo‘lishi ma’lum bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Taxminan 5 milliard yildan so'ng Quyosh qizil gigantga aylanib, keyinchalik oq mitti yulduzga aylanishi sayyoralar orbitalarini beqarorlashtirishi mumkin.
  • Yangi tadqiqotga ko'ra, Quyoshning massasi davriy pulsatsiyalar orqali kamayishi natijasida modellashtirilgan sayyora tizimlarining 96 foizida orbital barqarorlik Quyosh oq mittiga aylanganidan keyingi dastlabki 3 milliard yil ichida buziladi.

Taxminan 5 milliard yildan keyin Quyosh qizil gigantga aylanib, keyinchalik oq mitti yulduz bo‘lib qoladi. Olimlarning yangi tadqiqotiga ko‘ra, bu jarayon Quyosh tizimidagi sayyoralar orbitalarini beqarorlashtirib, ularning ayrimlari tizimdan chiqib ketishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Naked Science nashri The Astrophysical Journal Letters jurnalidagi tadqiqotga tayanib xabar berdi.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Quyosh qizil gigantga aylanganida uning tashqi qatlamlari hozirgi Yer orbitasigacha yetishi mumkin. Biroq Yerning aniq taqdiri hozircha noma’lum: sayyora uzoqroq orbitaga siljishi yoki Quyosh atmosferasi bilan ta’sirlashuv natijasida yulduzga yaqinlashishi mumkin.

Keyin Quyosh tashqi qatlamlarini yo‘qotib, oq mittiga aylanadi. Yangi tadqiqotda olimlar uning massasi bir tekisda emas, balki davriy pulsatsiyalar orqali kamayishini hisobga olgan. Bu o‘zgarishlar sayyoralar orbitasiga ta’sir qilib, vaqt o‘tishi bilan butun tizimning barqarorligini buzishi mumkin.

Modellashtirish natijalariga ko‘ra, Quyosh oq mittiga aylanganidan keyingi dastlabki 3 milliard yil ichida modellashtirilgan sayyora tizimlarining 96 foizida orbital barqarorlik buzilgan. Tizimlarning 40 foizida esa beqarorlik Quyosh hali qizil gigant bosqichida bo‘lganidayoq boshlangan.

Bu barcha sayyoralar albatta yo‘q bo‘lib ketadi, degani emas. Ayrim ssenariylarda Uran va Neptunning orbitalari o‘rni almashishi, boshqa sayyoralar esa o‘z orbitalaridan chiqib ketishi mumkin. Ba’zi tizimlar esa uzoq vaqt barqarorligini saqlab qolishi ehtimoldan xoli emas.

Tadqiqot mualliflari Quyosh tizimiga o‘xshash tizimlarning realistik modellardagi o‘rtacha yashash muddatini taxminan 1 milliard yil deb baholagan. Quyosh massasi bir tekis kamayadi deb olingan ideallashtirilgan hisob-kitoblarda esa bu muddat kvintillion yilgacha yetgan. Biroq bunday ssenariy yulduzning real evolyutsiyasini to‘liq aks ettirmaydi.

Olimlar yangi natijalar Quyosh tizimining kelajagi haqidagi barcha savollarga javob bermasligini ta’kidlamoqda. Oq mitti va hatto neytron yulduzlar atrofida ham sayyoralar aniqlangani ularning yulduz evolyutsiyasidan keyin qanday saqlanib qolganini yanada chuqurroq o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar