Ronaldu yangi biznesga 10 million yevro sarmoya kiritdi

Ronaldu yangi biznesga 10 million yevro sarmoya kiritdi

Portugaliyalik mashhur futbolchi Krishtianu Ronaldu endi mineral suv ishlab chiqarish sohasida ham o‘zini sinab ko‘rmoqchi. U yangi biznes loyihasiga 10 million yevro sarmoya kiritdi. Bu haqda «Sic Noticias» nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur loyihada futbolchining hamkori Portugaliyaning Grupo Ouhterinho kompaniyasi bo‘ladi. Kompaniya ham o‘z navbatida 10 million yevro mablag‘ ajratgan. Shu tariqa, yangi biznesga yo‘naltirilgan umumiy investitsiyalar miqdori 20 million yevroga yetgan.

Loyiha doirasida mineral suv qazib olish va ishlab chiqarishni Portugaliyaning Bragansa shahrida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Zavod qurilishini yakunlash hamda yangi brendni bozorga olib chiqish ishlari 2027 yil oxirigacha amalga oshirilishi kutilmoqda.

Ronaldu suv biznesida ilk bor ish boshlayotgani yo‘q

Ma’lumot uchun, 41 yoshli Krishtianu Ronaldu 2023 yil yozida Madrid shahrida taqdim etilgan «Ursu9» suv brendining ham hammuassisi hisoblanadi. Demak, yangi sarmoya futbolchining ichimlik suvi bozoridagi faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan.

Ronaldu faqat futbol maydonidagi yutuqlari bilan emas, balki sportdan tashqaridagi biznes loyihalari bilan ham e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Mineral suv ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yangi sarmoya esa uning tadbirkorlik faoliyatidagi navbatdagi qadamlardan biri bo‘ladi.

Qayd etish joiz, Krishtianu Ronaldu hozirda Portugaliya terma jamoasi safidagi gollar va o‘yinlar soni bo‘yicha jahon rekordchisi hisoblanadi. U milliy jamoa tarkibida 233 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 146 ta gol urgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar