«Bizni onalarimizning o‘qlovi tarbiyalagan» — Yulduz Usmonova ayrim psixologlarni tanqid qildi (video)

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bugungi kunda psixologiya haqida maslahat berayotgan ayrim mutaxassislarni tanqid qildi. Xonanda hamma ham bir nechta kitob o‘qish bilan haqiqiy psixolog bo‘lib qolmasligini ta’kidladi.
“Psixolog, psixolog deyapmiz-u, bugungi kunda yolg‘onchi, moshennik ko‘p. Qachon ko‘rgansiz psixolog tarbiyalaganini? Onamizning o‘qlovi tarbiyalagan bizni. Bolajonim, sen hali yo‘rgakdan endi chiqqansan, pampersdasan. Hali psixolog bo‘lishingga ancha bor. Lekin hamma o‘tirib olib dars beryapti. Shu psixologlarga yana bir tashlaydigan gapim bor”, — dedi xonanda.
Jurnalist esa hazil aralash: “O‘zingiz tashlamasangiz ham, qo‘shiqlaringizning o‘zi tashlaydi”, deya qo‘shimcha qildi.
Yulduz Usmonova fikrini davom ettirar ekan, inson tarbiyasi va psixologiya juda murakkab soha ekanini qayd etdi.
“Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Bolajonim, tarbiya berib turish kerak, aytib turish kerak. Hali sal hayotni kitobdan o‘qib kelgan bilan bo‘lmaydi. Psixologiyaning cheki yo‘q. Inson psixologiyasi shunaqa narsaki, uning chegarasi yo‘q. Million odam, million fikr, million xarakter, million o‘y, million mantiq bor. Odamlar bir-biriga o‘xshashi mumkin, lekin bir xil bo‘lmaydi”, — deya so‘zini yakunladi san’atkor.
Xonandaning ushbu fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Izohlarda ko‘plab kuzatuvchilar uning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, inson tarbiyasida hayotiy tajriba va individual yondashuv muhimligini ta’kidlashmoqda.






























Izohlar 0
…