16:04 / 30.06.2017
7 642

Ayol jozibasi. Qaerda qanday?

Ayol jozibasi. Qaerda qanday?
Go‘zallik standartlari har doim har xil bo‘lib kelgan. Ularning turli mintaqalardagi mezonlari ham turlicha. Masalan: Sharq mamlakatlarida yosh sohibjamollar, g‘arbda esa kattaroq yoshdagi xonimlarga e’tibor kuchli. Shu jumladan, har bir malakatda bu me’yor har xil.

Ispaniya
Haqiqiy ispan go‘zali yoshi 30-35lar atrofidagi hissiyotli ayol. Ular tabiat o‘zlariga in’om etgan go‘zallikni ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘rishadi. Mahalliy aholi mezonlari bo‘yicha go‘zallik me’yorlari quyidagicha: bug‘doyrang teri, kamon qoshlar va bodom qovoqlar...

Shuningdek, atrofdagilarning zavqini keltiradigan darajada kulish yoki rahmini keltirib yig‘lay olish ham ispan ayoli ega bo‘lishi kerak fazilat sanaladi.

Buyuk Britaniya
Inglizcha go‘zallik etaloni bu — tabiiylik. Sochlardan tortib pardoz-andozgacha tabiiy rangda bo‘lishi kerak. Yuzdagi sepkillar esa ayolning oliy tabaqaga mansubligidan dalolat beradi. Buyuk Britaniyada qomati ozg‘in, harakatlarida shoshqaloqlik alomatlari sezilmaydigan ayollar maftunkor sanaladi. Darvoqe, ingliz xonimlaridek ko‘zgu qarshisida ko‘p o‘tiradigan va sun’iy vositalar yordamida tabiiy go‘zallikka erisha oladigan ayollar butun dunyoda bo‘lmasa kerak.

Ma’lumot: ingliz ayollari uchun ajin katta muammo emas, (Buyuk Britaniya yoshartiruvchi operasiyalarni amalga oshirish bo‘yicha rivojlangan davlatlar ichida eng oxirgi o‘rinda turadi). Mahalliy xonimlar ajin, ayniqsa ko‘z atrofidagi mayda ajinchalar ayolning ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlaydi, deb hisoblaydilar.

Germaniya
Angliyani «sport vatani» deyishadi, Germaniyada esa badantarbiya ixtiro qilingan. Agar chindan ham go‘zallik standartlari mavjud ekan, demak olmon ayollari ulariga qat’iy amal qilish uchun tug‘ilgan deb hisoblash mumkin. Mahalliy olmon go‘zali – mallasoch, ko‘zga yaqqol tashlanadigan yuz tuzilishiga ega, moviy ko‘zli bo‘ladi. Oralarida yuqorida sanab o‘tilgan go‘zallik belgilariga ega bo‘lmaganlari «standart»ga mos kelish uchun rangli linzalar, soch uchun bo‘yoqlar «xizmati»dan foydalanishga erinmaydilar.

Fransiya
Boshqa mamlakatlarda qanday bilmadigu, ammo Fransiyada o‘rta yoshlardagi ayol yoshgina sohibjamoldan ko‘ra qadrliroq. 40-45 yoshlardagi ayolga yosh qizlarga nisbatan ko‘proq ehtirom ko‘rsatiladi. Chinakam fransuz ayoli hech qachon ochiq-sochiq yoki badanini ko‘z-ko‘z qiladigan darajada juda tor liboslar kiymaydi. U ko‘proq oddiylikka intiladi.

Fransuz erkaklari esa «ayol kishining xunugi bo‘lmaydi», degan qoidani o‘ziga shior qilib olganlar.

Saxara
Agar bo‘yni qavat-qavat yog‘ bosmagan bo‘lsa, Tuagerlar qabilasiga mansub ayol bir umr qariqiz bo‘lib qolishi ehtimoli bor. Oldinga egilganida, qornida 12 qavat yog‘ hosil bo‘ladigan «qomat» sohibasi esa Saxara cho‘llarining chinakam go‘zali sifatida e’tirof etiladi.

Va nihoyat, maqola yakunida sosiologlarning yana bir kuzatuvini e’tiboringizga havola qilmoqchimiz: keyingi vaqtlarda dunyo miqyosida qayd etilayotgan nikohlarda er o‘z ayolidan 3-4 yosh kichik bo‘lgan holatlarga ko‘p duch kelinmoqda. Bundan quyidagicha xulosalarga kelish mumkin: birinchidan, yoshning kattaligi go‘zallikka xalal bermaydi. Ikkinchidan esa katta yoshdagi go‘zallik ham navqiron go‘zallik singari kishilarni o‘ziga jalb qiladigan kuchga ega. Demak, kelajak katta yoshdagi ayollarning qo‘lida, deya taxmin qilish mumkin. Siz-chi, bu fikrga qanday qaraysiz?

DILShODA tayyorladi

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ayol jozibasi. Qaerda qanday?