Yangi alifbo sabab pasport va guvohnomalarni almashtirish kerakmi?

2 daqiqa o'qish2
Yangi alifbo sabab pasport va guvohnomalarni almashtirish kerakmi?

O‘zbekistonda o‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni hayotning barcha sohalariga bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va boshqa rasmiy hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi ham o‘zgaradi. Biroq amaldagi hujjatlarni faqat alifbo yangilangani sababli almashtirish talab etilmaydi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan qaror loyihasida ma’lum qilingan.

Yangi alifbo qachon kuchga kiradi?

21 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzolagan edi. Unga ko‘ra, murakkab va noqulay deb hisoblangan to‘rtta harf o‘zgartiriladi:

  • O‘ o‘rniga Ö;

  • G‘ o‘rniga Ğ;

  • Sh o‘rniga Ş;

  • Ch o‘rniga Ç qo‘llaniladi.

Shuningdek, Ng harflar birikmasi alifbodan chiqariladi. Yangilangan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat bo‘ladi. Qonun 2027 yil 22 apreldan kuchga kiradi.

Pasport va boshqa hujjatlar almashtiriladimi?

Qaror loyihasiga ko‘ra, fuqarolarning amaldagi hujjatlari o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi. Jumladan, shaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlarda avvalgi alifbo shakllari mavjud bo‘lishi ularning amal qilishiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Ya’ni fuqarolar pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi yoki kadastr hujjatlarini faqat alifbo o‘zgargani uchun qayta rasmiylashtirishi shart emas.

Biroq qonun kuchga kirganidan keyin yangidan beriladigan yoki belgilangan muddatlarda almashtiriladigan quyidagi hujjatlar takomillashtirilgan alifboda rasmiylashtiriladi:

  • O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ID-kartalari;

  • xorijga chiqish biometrik pasportlari;

  • haydovchilik guvohnomalari;

  • avtomobillarning texnik pasportlari;

  • davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlarining xizmat guvohnomalari;

  • kadastr hujjatlari.

Shu bilan birga, yangi alifboda hujjatlar tayyorlash boshlansa-da, avvalgi alifboda bosilgan blankalardan 2028 yil 1 yanvarga qadar foydalanishga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan.

Pasportlardagi ism va familiyalar qanday yoziladi?

Qaror loyihasida biometrik pasportlar va ID-kartalarning vizual ma’lumotlar zonasida yangi harflarni aks ettirish tartibini qayta ko‘rib chiqish ham nazarda tutilgan.

2027 yil yanvarga qadar ushbu hujjatlarda yangi alifbo harflarini aks ettirishning texnik imkoniyatlari o‘rganiladi. 2027 yil aprelga qadar esa tegishli texnik talablarni ishlab chiqish va hujjatlarni personallashtirish tizimlarini moslashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

Bu vazifalar Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi zimmasiga yuklatilgan.

Eng muhimi, fuqarolarning familiyasi, ismi va otasining ismi avvalgi yoki yangi alifboda yozilgani sababli ularning shaxsini aniqlash, davlat xizmatlaridan foydalanish yoki hujjatlarini qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy axborot vositalari va jamoat joylarida ham o‘zgarishlar bo‘ladi

Qonun kuchga kirganidan keyin ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborotlar, shuningdek, matbaa va noshirlik mahsulotlari takomillashtirilgan alifboda tayyorlanishi va chop etilishi rejalashtirilgan.

Davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslar ham rasmiy hujjatlar, yozishmalar va axborotlarni yangi alifboda rasmiylashtiradi.

2027 yildan boshlab aeroport, vokzal va boshqa jamoat joylaridagi peshlavhalar, axborot yozuvlari va ko‘rsatkichlarni bosqichma-bosqich yangilash ko‘zda tutilgan. Avtobus, metro, temir yo‘l va boshqa transport vositalaridagi yo‘nalishlar, bekatlar hamda xizmat ma’lumotlari ham yangi alifboga moslashtiriladi. Yo‘l belgilari va manzil ko‘rsatkichlaridagi yozuvlar ham o‘zgartiriladi. Raqamli tashqi axborot vositalari ham takomillashtirilgan alifboga o‘tkaziladi.

Davlat organlari, tashkilotlar va mahalliy hokimliklar bir oy muddatda o‘z tizimidagi o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritalarini ishlab chiqib, tasdiqlashi kerak. Ularda bajarish muddatlari, moliyaviy manbalar va mas’ul ijrochilar aniq belgilanadi. Topshiriqlar ijrosi esa har oyda kamida bir marta muhokama qilib boriladi.

Qayd etish joizki, hozirda mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi hisoblanadi. Uning jamoatchilik muhokamasi 2026 yil 6 dekabrga qadar davom etadi.

Maqola sizga yoqdimi?

Obuna bilan reklama bo'lmaydi

Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm

Izohlar0

…

  1. Futbol akademiyalari uchun Skaut: to‘lov, davomat va ota-ona bilan aloqa endi bitta tizimda
  2. Toshkentdan Amerikaga: Nurmuxammad Ismoilov Akinda orqali halol investitsiyani global miqyosga olib chiqmoqda
  3. Avtoservisingizni raqamlashtiring: Bip Business bilan mijozlarni yo‘qotmang
  4. Mashina oynasiga raqam yozish xavflimi? Bip haydovchilar uchun yangi yechim topdi!
  5. 8 ta keng tarqalgan moliyaviy xato: nimalardan saqlanish kerak?
  6. Playmatch: maydon egalari ishini ancha yengillashtiradi
  7. Playmatch: futbol o‘ynash uchun kerakli barcha xizmatlar bitta ilovada
  8. Kundalik xarajatlar uchun kartani qanday tanlash mumkin?
  9. Eldor Shomurodov futbol akademiyasi va TBC Bank: bolalik orzularidan katta futbolgacha
  10. ANORBANK Boʻstonliqdagi 168-son maktab-internat tarbiyalanuvchilarini tabrikladi
  11. Haydovchilar va tashuvchilar uchun OSGOP sug‘urtasining afzalliklari...
  12. Pure Milky’dan navbatdagi kreativ: Har qadam — aziz insonlarga mehr bilan!
  13. Kredit olish imkoniyatini oshirish uchun qayerda ishlash kerak?
  14. Biznes imkoniyatingizni kengaytiring
  15. Fanning rivojlanishiga barchamiz mas’ulmiz!
  16. XIV Toshkent xalqaro kinofestivali qanday o‘tkazilmoqda?