17:30 / 17.12.2017
4 383

Shishaxo‘r, metallxo‘r va mechkay erkaklar...

Shishaxo‘r, metallxo‘r va mechkay erkaklar...
Ko‘pchilik ovqat iste’mol qilishda juda ehtiyotkor. Ayniqsa, erkaklar. Shundaylar borki, taomidan bir dona qil chiqsa, ishtahasi buzilib, yeyishni butkul to‘xtatadi. Biroq buning butkul aksi bo‘lgan, xo‘rdani ham, burdani ham birdek paqqos tushiradiganlar yo‘q emas. Bundaylarga “oshqozoni toshni ham hazm qiladigan”, deb ta’rif beriladi. Hazil o‘z yo‘liga, biroq chindan ham tosh, temir-tersak, shisha bo‘laklarini yeydigan odamlar bor. Masalan, tarixda ana shunday antiqa odamlar o‘tgan:

Shishaxo‘r Van Siyanjun
Ma’lumki, xitoylikliklarni “tish o‘tadigan qariyb barcha narsalarni yeydi», deb mubolag‘a bilan hazil qilishadi. Tish o‘tsa-ku, mayli, tishni sindiradigan shisha yeydigan xitoylik borligiga nima deysiz?! Xitoyning Sichuan provinsiyasida istiqomat qiluvchi Van Siyanjunni qo‘ni-qo‘shnilaridan kimdir «daydi», kimdir «masxaraboz», yana kimdir «shayton» deydi. Sababi, u 12 yoshidan beri chiroq(lampochka) iste’mol qilgan. Hisob-kitoblarga qaraganda, shu paytagacha u yegan lampochkalar soni 1 yarim ming donadan ortgan. Vanning aytishicha, maktabda o‘qib yurgan paytlarida bir kuni baliq suyagini yutib yuboradi. Ammo unda ota-onasi xavotir olgandek yomon holat kuzatilmadi. 12 yoshida esa u endi singan oyna bo‘laklarini yutib yuboradi. Ammo bu safar shisha siniqlari unga juda mazali tuyuladi. Shunday qilib, asta-sekin nonushta menyusiga boshqa shisha mahsulotlari ham qo‘shilib boradi. Yillar o‘tib, Van Siyanjun tuppa-tuzuk «shishaxo‘r»ga aylandi-qoldi.

Metallxo‘r Mishel Lotito
1950 yilda Fransiyaning Grenobl shahrida dunyoga kelgan Mese Lotito teleshoulardagi antiqa chiqishlari bilan odamlarga taniladi. Aniqroq aytganda, u hech narsadan tap tortmaydigan “ishtaha”si bilan butun dunyo og‘ziga tushadi. Ayniqsa, u velosipedlarni juda ham yaxshi ko‘rardi. Aytishlaricha, Lotito shu paytga qadar 18 ta velosipedni “paqqos” tushirgan.

Mishel yegan “taomlar” ichida eng to‘yimlisi kichkina «Sessna 150» samolyoti bo‘lib, uni toshqozon, yo‘g‘e, oshqozoni naq ikki yil(1978-1980) hazm qiladi.

Janob Lotito 16 yoshida yeb bo‘lmaydigan narsalarni ham iste’mol qila boshlaydi va bundan yaxshigina pul ham ishlab oladi. Ammo san’at maxsus diyetani ham talab qilardi. Shu bois, u kuniga 1 kg.dan ortiq metall, plastika, rezina va oyna yemasdi.

Har bir «ovqatlanish» oldidan Mishel uchun bir chashka mineral moy va ko‘p miqdorda suv tayyor turishi shart. Fransuz banan va qaynatilgan tuxumni umuman yotirmagan. Ma’lum bo‘lishicha, u 1959 yildan 1997 yilgacha taxminan 9 tonna metall iste’mol qilgan. Mishel Lotito 2007 yilning 25 iyunida vafot etadi.

MEChKAY TARRARE
Lion(Fransiya)lik bu inson “ochofat” degan nisbatning aynan tirik namunasi, deyish mumkin. Oilasi uning karnay ishtahasidan juda qiynalishgan. Inqilob paytida uni harbiy xizmatga jo‘natib, arang qutulishdi. Tarrare aynan armiyada aql bovar qilmas darajadagi ishtahasi bilan tirik jonlarni yeyishni boshlaydi. Umuman olganda, Tarrare yerda yoki devorda o‘rmalagan hamma jonzotni ushlab, yerdi.

Bir kuni askar gospitalga tushib qoladi. Shifokor uning ishtahasini, qancha ovqatni yeya olishi mumkinligini sinovdan o‘tkazishni maqsad qiladi. Biroq urush, yetishmovchilik. Noiloj shifokor mechkay askarning xonasiga tirik mushukni kiritib yuboradi. Toshni yeb yuborishga tayyor Tarrare, kiprik qoqmay, bechora mushukni “paqqos” tushiradi. Doktor hayratda. Ketidan kuchuklar, kaltakesak, ilonlarni olib kiradi. Ular ham Tarrare uchun ermak vazifasini o‘taydi, xolos.

Aytish kerakki, meshpolvondan antiqa oshqozonida armiyada yaxshi foydalanishdi. Unga maxfiy ma’lumotlar joylashgan maxsus idishni yutishni topshirishadi va u buyruqni yaxshi ado etadi.

Albatta, bunday «tubsiz» oshqozon bilan uzoq yashash qiyin. Mechkay Tarrare 26 yoshda sildan vafot etdi. Mutaxassislar Tarrarening oshqozonini tekshirib, u chindan ham boshqalarnikiga qaraganda kattaroq va ichi to‘la yara ekanini aniqlashdi. Qolaversa, uning oshqozonidan tilla sanchqi ham topiladi.

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shishaxo‘r, metallxo‘r va mechkay erkaklar...