Voqea Ingushetiyadagi Pliyevo qishlog‘ida yuz berdi. 29 yoshli Laylo ismli ayol erining yaqin do‘sti uylanish istagida ekanidan xabar topgach, bezovtalanib qoldi. Bu yigitni ilgari bir marta ko‘rgan, o‘shandayoq sevib qolgandi. Ammo yigit uni tanimasdi. Eri bilan oralarida bordi-keldi yo‘q edi. Xullas, Laylo eri bilan ajrashmay turib, o‘sha yigitning xotiniga aylanishni xohladi. Buni Ingushetiyada ko‘p erlilik deb atashadi.
Rejani puxta tuzdi. Eriga shu do‘stining uylanishiga yordam berish zarurigini uqtirdi. Yaqin dugonasi borligini qistirib o‘tdi. Natija shunday bo‘ldiki, sodda er rozi bo‘ldi. Laylo esa niyati amalga osha boshlaganidan ruhlanib ko‘p erlilik sari bir qadam tashladi. Ya’ni, kelin bo‘lmishning suratini qallig‘iga ko‘rsatish harakatiga tushdi. Biroq u o‘zining suratini jo‘natdi va kutilganidek, suratdagi «kelin» kuyov bo‘lmishga yoqib tushibdi.
Kuyov bo‘lmish ogohlantirilgandi. Kelinning ota-onasi yo‘q, g‘irt yetimcha ekani uqtirilgandi. Shuning uchun uni kuyov navkarlar Layloning uyidan olib ketishlari zarur edi. Yana Laylo qaynonasi, eriga ham shu masalada gapirib o‘tgan, ular azbaroyi yetim kelinga achinishganidan rozilik bildirishgandi. Qarangki, xuddi o‘sha kuni, ya’ni, kelinni olib ketish zarur bo‘lgan kuni Laylo ertalabdayoq g‘oyib bo‘ldi. Eriga dugonasini go‘zallik saloniga olib borishi kerakligini aytdi. Qarangki, Layloning o‘zi go‘zallik saloniga borib tashqi qiyofasiga sezilarli darajada o‘zgartish kiritdi. Keyin esa eriga qo‘ng‘iroq qilib, olisda yashaydigan xolasi o‘lim to‘shagida yotganini, tez yetib bormasa bo‘lmasligini, afsuski, to‘yda ishtirok eta olmasligini uqtirdi. Yo rabbiy! Kechqurun o‘zining uyiga — qaynonasi, eri va farzandlari bilan istiqomat qiladigan uyiga o‘zi kelinlik libosida kirib keldi. To‘g‘ri, bu yerda ba’zilar ishonmasligi mumkin. Haqiqatan, Laylo tashqi qiyofasiga shu qadar jiddiy o‘zgartish kiritgandiki, eri ham taniy olmadi. Yo‘q, ko‘ziga juda issiq ko‘rindi kelin bo‘lmish, ammo qayerda ko‘rganini eslay olmadi…
Shunda ham firib oshkor bo‘lmadi. Kuyovnikida, kelinnikida to‘y tashkil etildi. San’atkorlarning xonishlari avj pallaga kirdi, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar keldi. Ammo xalqda «buzoqning yugurgani somonxonagacha» deb bejiz aytilmagan. Laylo esa o‘sha ramziy ma’nodagi somonxonagacha ham yetib bora olmadi. Sirni uning singlisi ochib qo‘ydi va «kelin»ni o‘sha zahotiyoq kuyovnikidan haydab solishdi…
Bu voqea bir jihatdan olib qaraganda, juda g‘alati va achinarli. Ko‘pchilikning g‘azabini qo‘zg‘atadi. Buning ustiga Ingushetiyaliklar odatiga ko‘ra, erining ustiga erga tekkan ayol o‘limga loyiq. Qariyalar yig‘ilib majlis o‘tkazishdi. Lekin o‘limga hukm etishmadi. Layloning ukasiga havola etishdi.
— Sen jigarisan, — deyishdi unga. — Qalbing nima desa quloq sol. Biz sendan o‘tib Layloni jazoga mubtalo eta olmaymiz…
Layloni ukasi ham o‘ldirmadi. Ammo kechirmadi ham. Undan ota-onasi-yu, qarindosh-urug‘, tanish-bilish va dugonalargacha bezdi, yuz o‘girdi…
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Laylo hanuz erining uyiga qaytmabdi. Ko‘chaga ham chiqmayotgan ekan. Ukasi ham, eri ham uyga qamalib olgancha birovlar ko‘ziga ko‘rinmayotgan ekan. Axir, bu xunuk ish-da, qaysi yuz bilan odamlarning ko‘ziga tik boqsin?!.
Bu voqeani odamlar turlicha baholashmoqda. Masalan, ba’zilar Laylo aqldan ozgan, nima qilayotganini idrok etmagan desa, birovlar bu ayol qalin puli va sarpolarga ega chiqish ilinjida shu firibni o‘ylab topgan deyapti. Yana ayrimlar muhabbatning ko‘zi ko‘rligiga sha’ma qilishyapti. Xuddi shu oxirgi taxmin nihoyatda noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Negaki, muhabbatning ko‘zi ko‘r bo‘lsa-da, xojasini hech bo‘lmaganda hididan taniydi. Ko‘zlari ko‘rmasa-da, bu vijdonsizlik, behayolik ekanini sezib turadi…
O‘sha atrofdagi hokimiyat vakillari hozircha jim. Ular aytishdiki, hali ish odam o‘ldirishgacha yetib bormadi. Basharti shunday xavf tug‘ilsa, ular darhol oraga tusharmish.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi