18:30 / 01.03.2018
4 879

Islomni qabul qilgan Robert Davilla qissasi

Islomni qabul qilgan Robert Davilla qissasi
Amerikaning hozirgi kundagi eng yaxshi voizlaridan biri No‘mon Alixon hikoya qiladi:

Uch oy muqaddam Fort-Uort shahridagi masjidda ma’ruza qildim. Ma’ruza duo haqida edi. Ma’ruzadan keyin oldimga misrlik bir kishi kelib shunday dedi “Alloh bugun mening duomni ijobat qildi. Men No‘mon Alixonning Robert Davella bilan uchrashishini so‘rab duo qilgan edim”.

Robert Davilla Fort-Uortdan 30 daqiqalik masofada yashaydigan yigit edi. O‘tmishda sog‘lom yigit bo‘lgan, fermer edi. U shunday kasallikka chalingan ediki, bo‘ynidan pastdagi a’zolari ishlamay qolgandi. U maxsus pansionatda yashardi. Pansionatda asosan qariyalar istiqomat qilar, Robert Davella esa endigina 30 yoshga kirgan, umrining so‘nggi 10 yilini to‘shakda o‘tkazishga majbur bo‘lgan.

Uning oilasi ovozli buyruqlar yordamida boshqariladigan kompyuter olib bergan bo‘lib, internet orqali ma’lumot izlash imkoniyatiga ega edi. Robert nasroniy oilada katta bo‘lgan. U yashaydigan pansionatda har hafta nasroniycha ibodatlar amalga oshirilardi. Robertning eng yaqin do‘sti o‘zi bilan bir xonada istiqomat qilar, u ham to‘shakka mixlangan og‘ir kasallardan edi. U jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti uchun donor kutardi. Ikkalovi ko‘pincha nasroniy e’tiqodi va Xudo haqida suhbatlashishardi.

Nihoyat Robertning do‘stiga donor topilib, operatsiyaga olib ketiladi. U operatsiya vaqtida vafot etadi. Vafot etgan yigitning bo‘ynidagi xochni uning singlisi Robertga sovg‘a qiladi va krovatiga ilib qo‘yadi. Xoch Robertga u do‘stidan esdalik sifatida qoladi.

Robert Davilla pansionatda yashar ekan, tush ko‘radi. Tushida notanish kishi uning oldiga kelib, o‘zini Muhammad deb tanishtiradi. Muhammad xochga ishora qilib: “Xudo payg‘ambarlarni odamlar ularga e’tiqod qilishi uchun emas, O‘ziga ibodat qilishlari uchun yuborgan. Iso (alayhissalom) oddiy inson edi. U ham hamma qatori bozorda yurgan va ovqat yegan”.

Tush shunday tugaydi. Robert faqatgina Iso alayhissalom o‘zi kabi inson bo‘lgani, Alloh payg‘ambarlarni odamlar ularga sig‘inishlari uchun emas, faqatgina Xudoga ibodat qilishlari uchun yuborgani hamda unga bularni yetkazgan kishining ismi Muhammad ekanligini, bilardi.

Robert internetdan Muhammad so‘zini qidirdi. Islom haqidagi ma’lumotlarni o‘qib, shahodat keltiradi. So‘ngra, unda Qur’onni o‘rganishga ishtiyoq paydo bo‘ldi. Internetdagi onlayn-chatlarda arab tilini o‘rgatadigan kishini qidiradi. Skayp tarmog‘i orqali bir misrlik unga arab tilidan saboq beradi. Shu tariqa Robert arab alifbosini va Qur’on o‘qishni o‘rganadi. U 10 ta surani yod oladi. U endi Qur’onni o‘rganishga ahd qiladi. Internet orqali ma’lumot izlar ekan, Robert Davella No‘mon Alixonning ma’ruzalariga duch keladi va video darslarni tinglay boshlaydi.

O‘sha pansionatda bir misrlik musulmon kishi ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanib yurar edi. Misrlik kishi o‘zini musulmon hisoblasa-da, dindan uzoq odam edi. Eng yaqin masjid 80 kilometr masofada joylashgani bois juma namozlariga qatnashmasdi. Ammo u Allohga yaqinroq bo‘lish maqsadida cherkovga qatnab turardi.

Bir kuni Robertning xonasi yonidan o‘tib ketar ekan, Asr surasi qiroatini eshitib qoladi. Xonaga kirib, Robert bilan gaplashadi. Uning Islomga kirganini eshitib hayratga tushadi. AQSHning faqatgina nasroniylar yashaydigan shaharchasida, butun umr nasroniy bo‘lib yashagan, bir necha yildan beri umri krovatga mixlanib o‘tayotgan yigit musulmon bo‘lgani unga qattiq ta’sir qiladi. Misrlik yigit o‘sha onda Allohning qudrati oldida bo‘yin egadi. U Islomga qaytadi.

Robert unga No‘mon Alixon haqida aytib beradi va No‘mon Alixon bilan uchrashish o‘zining orzusi ekanligini ma’lum qiladi. Misrlik kishi esa Robertga shunday deydi “Sening haqingga duo qilaman!” Oradan 5 yil o‘tib, No‘mon Alixon ma’ruza o‘qish uchun tashrif buyurgan masjidga o‘sha misrlik ham keladi va No‘mon Alixonga Robertning haqiga qilgan duosi ijobat bo‘lgani haqida aytadi.

No‘mon Alixon bir necha nafar hamrohlari bilan Robertni ko‘rish uchun pansionatga boradi. Suhbat davomida Robert mehmonlarga Qur’on oyatlarini o‘qib berganda, mehmonlarning ko‘zlari yoshga to‘ladi.

Xastalik tufayli Robert oddiy nogironlar aravachasida o‘tira olmasdi. U bo‘ynidan pastini boshqara olmasdi. Shuning uchun uni maxsus aravachaga o‘tqazish lozim edi. Biror joyga olib borish uchun ham maxsus furgondan foydalanish kerak bo‘lardi. Furgonda uning arvachasini mahkamlab qo‘yishardi. No‘mon Alixon bilan uchrashuvdan 3 oy oldin Robert birinchi marta juma namozi uchun masjidga borishga ahd qiladi. Ammo uni masjidga olib borish uchun maxsus mashina topilmasdan, oddiy mashinadan foydalanishadi.

Afsuski, ushbu safar uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. U endi maxsus aravachasiga o‘tira olmas, kamida 6 oy shifoxonadagi to‘shagida yotishi lozim edi. O‘zining masjidga ilk safari haqida gapirar ekan, Robert shunday deydi: “Bunday xotirjamlikni hayotimda biror marta tuymagan edim. Menga yana maxsus aravachamga o‘tirishga ruxsat berishsa nima qilmoqchiman, bilasizmi? Men yana juma namozi uchun masjidga boraman…”

Bu – ko‘zlari va og‘zidan boshqa a’zolarini idora qila olmaydigan insonning so‘zlari edi. Men Robertning yuzidagi nurni boshqa kishida ko‘rmadim. U o‘z hayotidan rozi, o‘zini juda baxtli hisoblaydi. U menga ta’lim berdi. Men uni o‘z ustozim deb hisoblayman.

Alloh Robertga tushida hidoyat berdi. Alloh kimni qanday hidoyat qilishni O‘zi biladi. Allohning marhamatidan noumid bo‘lmaylik!

No‘mon ALIXON ma’ruzalari asosida tayyorlandi.

P.S. Hikoyani eshitgach, uni boshqalar bilan baham ko‘rish istagi tug‘ildi. Balki mendan oldin ham kimdir ushbu hikoyani tarjima qilib, ulashgandir. Bu haqida ma’lumotim yo‘q. Qo‘ldan kelgancha tarjima qildim. Tarjima No‘mon Alixonning ma’ruzasidan biroz qisqartirish bilan olindi. Kamchiliklar bo‘lsa ma’zur tutasizlar.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Islomni qabul qilgan Robert Davilla qissasi