15:26 / 30.04.2018
2 693

AQSh va KXDR yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuv Mo‘g‘ilistonda tashkil etiladi

AQSh va KXDR yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuv Mo‘g‘ilistonda tashkil etiladi
AQSh prezidenti Donald Tramp va KXDR yetakchisi Kim Chen In o‘rtasidagi shu yil may oyi oxiri — iyun oyi boshiga mo‘ljallanayotgan uchrashuv katta ehtimol bilan Mo‘g‘ilistonda o‘tkazilishi mumkin deya yozmoqda “Izvestiya” nashri xabariga tayanib Xalq so‘zi nashri.

Uchrashuv joyi Ulan-Bator shahrida bo‘lishi imkoniyati kattaligi aynan Mo‘g‘iliston ham AQSh, ham Shimoliy Koreya bilan teng do‘stona aloqalar olib borishi bilan izohlanmoqda. O‘z navbatida, masalaning yana bir texnik sababi bor. Ekspertlarning aytishicha, Pxenyan aviaparkining eskirib qolganligi ushbu davlat rahbarining Shvetsiya yoki Shveysariyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib borishiga imkon bermaydi.
Eslatib o‘tamiz, ikki yetakchi o‘rtasidagi tarixiy muzokaralarga mezbon bo‘ladigan manzil haqida taxminlar bildirish Donald Tramp Kim Chen In bilan uchrashishga tayyor ekanligini ma’lum qilgandan so‘ng boshlanib ketgandi.

“Bugun bu joy aynan Mo‘g‘iliston bo‘lishi haqiqatga juda yaqin. Kim taklif etgan Pxenyanga Tramp ichki siyosat nuqtai nazaridan borishni xohlamasa, Kim esa Seulga bormaydi”, — deydi Janubiy koreyalik yuqori martabali diplomat.
Xabaringiz bor, Donald Tramp yaqinda Kim Chen Inning denuklerizatsiya haqidagi so‘nggi bayonoti ortida belgilangan muhokamalarda katta muvaffaqiyatga erishilishidan umid qilayotganini ta’kidlab o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, ilgari Tramp va Kim Chen In o‘rtasidagi uchrashuv Shvetsiya, Shveysariya va Osiyodagi nomi e’lon qilinmagan uchta davlatda tashkil etilishi mumkinligi qayd etilgandi. Mazkur ro‘yxatdan Pekin, Seul, Pxenyan va Koreya yarim orolidagi chegara hududi hisoblangan Pxanmunjom nomlari chiqarib tashlandi. AQSh prezidentining aytishicha, ayni paytga kelib nomzod mezbonlar soni 2-3 tagacha qisqartirilgan.

Ammo “Izvestiya” nashrining shu bo‘yicha yo‘llagan murojaatiga Mo‘g‘iliston tashqi ishlar vazirligi tezkor sharh taqdim eta olmadi.
AQSh va KXDR bilan teng munosabatda bo‘lib kelayotgan yana bir davlat sanalgan Singapur ham nomzod mezbonlarning toraytirilgan ro‘yxatiga kiritilgan. Bunda nafaqat logistika (Pxenyandan bu yerga bemalol uchib kelish mumkin), balki siyosiy jihatdan ham nuqtai-nazarlar inobatga olingan. Yana bir muhim jihati, Singapur yirik va ko‘p sonli xalqaro uchrashuvlarni o‘tkazishda katta tajriba hamda zarur infratuzilmalarga ega. Xususan, 2015 yilda XXR va Tayvan yetakchilari o‘rtasidagi tarixiy muzokaralar aynan shu davlatda tashkillashtirilgandi.

Biroq Singapur ham “Izvestiya” gazetasi murojaatiga aniq javob bermay, balki o‘z tashqi ishlar idorasi rahbari Vivian Balakrishnanning “Bi-bi-si” axborot manbasida qilgan chiqishini ilova qildi. O‘shanda u biror davlat yuqori darajadagi uchrashuvni qabul qilish bo‘yicha Singapurga hali murojaat etmaganini aytgandi hamda “mamlakat esa o‘zini-o‘zi mezbonlik maydoni sifatida taklif qilib, parovoz oldiga tushib yugurishni istamagan bo‘lardi”, – deya ta’kidlab o‘tgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh va KXDR yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuv Mo‘g‘ilistonda tashkil etiladi