06:30 / 05.05.2018
2 988

Sulton Muhammad Fotihning o‘g‘liga vasiyatlari

Sulton Muhammad Fotihning o‘g‘liga vasiyatlari
O‘g‘lim! Yaqin kunlarda vafot etaman. Lekin afsuslanmayman, chunki ortimda sendek o‘g‘ilni qoldirib ketyapman. Sen odil, solih va rahmli bo‘l. Hech kimni ajratma, xalqingning hammasiga himoyangni birdek keng qil. Islom dinini keng yoyishga harakat qil, chunki bu – yer yuzidagi barcha podshohlarning zimmasiga vojib ishdir.

Dinga bo‘lgan ahamiyatingni barcha narsadan ustun qo‘y. Unda bardavom bo‘lishda sustkashlikka yo‘l qo‘yma. Din ishiga qayg‘urmaydigan, gunohi kabiralardan saqlanmaydigan, fahsh ishlarga sho‘ng‘ib ketganlarni ishga olma. Buzg‘unchi bid’atdan saqlan. Shuningdek, senga bid’at ishida rozi bo‘ladiganlardan uzoqda bo‘l. Yurt maydonini kengaytirishga tish-tirnog‘ing bilan harakat qil. Baytulmolning mulklarini talon-taroj bo‘lib ketishdan ehtiyot qil.

Birorta fuqaroingning moliga zinhor nohaq qo‘l cho‘zma. Hojatmandlarning ta’minotini zimmangga ol. Haqdorlarga karamli bo‘l. Ulamolar – davlatning jismiga sochib yuborilgan quvvat makonidir. Sen ularni ulug‘la, ularni shijoatlantir. O‘zga yurtlarda birorta ulamoni bilsang, ularni taklif qilib, mol-mulk ila ikrom ko‘rsat.

Ehtiyot bo‘l, ehtiyot bo‘l! Mol-mulk va mansab seni zinhor aldab qo‘ymasin! Ulamolar eshigingdan uzoq bo‘lib qolishidan ehtiyot bo‘l! Shariat ahkomlariga xilof ishlarga moyil bo‘lib qolishdan ehtiyot bo‘l! Chunki din bizning maqsadimiz, hidoyat manhajimizdir. Biz din bilan nusrat quchganmiz.

Quyidagi qissadan ibrat ol: «Men bu yurtga kichkina chumolidek bo‘lib kelgan edim. Mana, Alloh taolo menga ulkan ne’matlarni tortiq qildi. Sen ham mening izimdan yurib, mening yo‘limni tutgin!».

Sen bu dinning quvvatlanishi hamda din ahlining hurmati joyiga qo‘yilishi uchun xizmat qil. Davlatning mulkini dabdababozlikka, o‘yin-kulgiga yoki zaruratdan ortiq miqdorda sarflashga ehtiyot bo‘l, chunki bular halokatga uchrashning eng katta sabablaridandir.
Qudratulloh Sidiqmetov tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sulton Muhammad Fotihning o‘g‘liga vasiyatlari