14:34 / 12.05.2019
2 820

Zelenskiyning maslahatchisi Rossiya bilan urush davom ettirilishini va’da qildi

Zelenskiyning maslahatchisi Rossiya bilan urush davom ettirilishini va’da qildi
Ukrainaning yangi saylangan prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Rossiya bilan urush holatida deb hisoblaydi. Bu haqda Zelenskiyning vakillari ma’lum qilishdi.

«Biz Ukrainaning NATOga kirishi uchun harakatlarni to‘xtatmaymiz. Shuningdek, Ukrainaning saylangan prezidenti Rossiya bilan urushda ham mamlakat pozitsiyasini o‘zgartirmaydi. Axir Rossiya bilan urush ketmoqda», — deydi Zelenskiyning mudofaa ishlari bo‘yicha maslahatchisi Ivan Aparshin. U Vladimir Zelenskiy mudofaa sohasida korrupsiyaga qarshi kurashishini va Ukraina armiyasida islohotlar o‘tkazilishini qo‘shimcha qilgan.

AQShning Ukraina masalalari bo‘yicha vakili Kurt Volker shu kunlarda Kiyevga tashrifi davomida Rossiyaning agressiv harakatlarini qoraladi. Volker Rossiyani Donbassni Ukrainaga qaytarishga chaqirdi. Uning aytishicha, Rossiya Minsk kelishuvining shartlarini bajarmayapti.

Zelensiyning homiysi ekani aytiladigan ukrainalik milliarder Igor Kolomoyskiy esa Ukrainada fuqarolik urushi ketayotgani haqida gapirdi. Uning aytishicha, Donbassda ukrainaliklar boshqa ukrainaliklar bilan jang qilishmoqda: «Bizda fuqarolik urushi davom etmoqda. U mamlakatning hamma yerida bo‘lmayotganidan xursand bo‘lishimiz kerak. Donbass urushning qaynoq nuqtasi, urushning sovug‘i esa butun mamlakatga tarqalgan», — deydi Kolomoyskiy ta’sirli nutq so‘zlar ekan.

Rus matbuoti yuqorida nomi tilga olingan, Zelenskiyning mudofaa ishlari bo‘yicha maslahatchisi, polkovnik Aparshinning chiqishlariga alohida urg‘u bermoqda. O‘ta radikal qarashlari bilan shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan polkovnik mudofaa vaziri bo‘lmoqchiligini aytib, urush holatida qanday yo‘l tutmoqchi ekanini yashirmayapti.

Aparshinning Ukrainaning «NATOga kirguniga qadar» xavfsizligini ta’minlash haqida aytgan so‘zlari ayniqsa fikrlashga undaydi. Demak, u mamlakatning alyansga kirishiga shubha qilmayapti va unga kirgunga qadar bo‘lgan muddatni alohida bosqich deb atamoqda. Shuningdek, Aparshinning «dushman kutmagan vaqtda unga zarba berish», «Ukraina armiyasining ustunligi nostandart harakat qilishda ekani» haqidagi gaplari u ochiqchasiga urushga tayyorlanayotganini ko‘rsatadi. Avvalroq Zelenskiy mamlakatda armiyani ixtiyoriy qilishni va qo‘shinlarning tayyorgarligini NATO darajasiga ko‘tarmoqchi ekani aytilgandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin adashi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligini istisno qilmadi. Rossiya yetakchisi Ukrainaning yangi rahbariyati bilan uchrashuvda avvalo Donbassdagi vaziyatni muhokama qilishini aytdi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezidentning Zelenskiy bilan uchrashuvi ehtimoli haqida gapirar ekan, Putin Ukrainaning yangi rahbariyati, xususan Zelenskiy bilan «Ukraina tomonining harakatlaridan kelib chiqib» munosabatda bo‘lishini aytgandi.

Ukraina oppozitsion harakati «Hayot uchun» vakillari esa «Rossiya bilan apoq-chapoq bo‘lish» yoki «og‘iz burun o‘pishish» yaramasligini, ammo mamlakatning iqtisodiy barqarorligi uchun Moskva bilan murosa qilish kerakligini aytishmoqda. Ularning o‘ylashicha, Zelenskiy shundagina arzon gaz va rus investitsiyasiga umid qilishi mumkin.

Zelenskiy saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng Putinga siyosiy hazil qilishga ham ulgurgandi. Putin Ukrainadagi saylovlar tugashi bilan Donbassda istiqomat qiluvchilar uchun Rossiya pasportini berish tartibi soddalashtirilgani borasidagi farmonni imzolagan va kelajakda Ukrainaning barcha fuqarolari uchun Rossiya pasporti berishni soddalashtirishni taklif qilgandi.

Zelenskiy bu haqda gapirar ekan shunday degandi: «Kim Rossiyaga ketishni xohlashi mumkin? Bizning mamlakatda o‘z vakolatidan foydalanib ko‘p pul orttirgan amaldorlar. Janob Putin ovora bo‘lib o‘tirishi shart emas, agar u xohlasa, biz noqonuniy pul orttirgan mansabdorlarning ro‘yxatini yuboramiz».

Zelenskiy shuningdek, «Rossiya Ukrainadan tortib olgan har bir qarich yerini qaytarib berishini» aytgan va Ukraina «korrupsion tuzumdan jabrlanayotgan barcha mamlakat fuqarolari»ga o‘z pasportini berishini aytib, Rossiyani mazax qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiyning maslahatchisi Rossiya bilan urush davom ettirilishini va’da qildi