date
views 2 533

Joriy yil Umra mavsumi 20 sentyabrdan boshlanadi

Joriy yil Umra mavsumi 20 sentyabrdan boshlanadi
Foto: AP Photo / Amr Nabil
Joriy yil Umra mavsumi 20 sentyabrdan boshlanadi. 1 oktyabrdan boshlab kunlik 2 ta aviareys asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bu haqda bugun, 4 sentyabrda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Haj-2019 mavsumi yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Ma’lumot berilishicha, bu yil O‘zbekistondan 7200 nafar yurtdoshimiz haj safarida bo‘lib qaytdi. Shundan 6970 nafari ziyoratchilar, 230 nafari xizmat ko‘rsatuvchi ishchi guruhlari a’zolaridir.

Brifingda aytilishicha, hajga borishga nomzodlarning islom arkonlarini bilishi, ma’naviyati, ma’rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk ajdodlarimizning hayoti va ilmiy merosidan xabardorligi, mahalladagi jamoatchilik ishlarida faolligi ko‘rib chiqildi. Nomzodlar haqida jamoatchilik fikri o‘rganildi.

Ular tomonidan jami 14326 nafar ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarni otaliqqa olish ta’minlandi.
Haj safariga boruvchilar tomonidan otaliqqa olingan fuqarolarga jami 9,3 mlrd. so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Qayd etilishicha, Haj mavsumi uchun sarf-xarajatlari smetasi bo‘yicha har bir ziyoratchidan olinadigan mablag‘
33 million 300 ming so‘m etib belgilandi. Ya’ni narx 5 million so‘mga arzonlashtirildi.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida birinchi marotaba “Masjid an-Nabaviy”dan 50 metr uzoqlikda joylashgan besh yulduzli “Pulman zamzam” mehmonxonasiga joylashtirildi.

Makka shahrida esa Haramdan uzoq bo‘lmagan to‘rt yulduzli “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida istiqomat qilishdi.
Hojilarimiz uchun 24 soat davomida zamonaviy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Ziyoratchilarga safar oldidan davlatimiz ramzlari aks ettirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Hajnoma” kitobchasi va videoqo‘llanma taqdim etildi.

Ma’lumot berilishicha, Haj-2019 mavsumida bir nafar ziyoratchi – Farg‘ona viloyatilik Muhammad Ismoilov yurak xastaligi sababli vafot etdi. 31 iyul kuni ishchi guruhi a’zolari, guruh rahbarlari va guruhdoshlari hamrohligida marhumning Masjidun Nabaviyda shom namozidan so‘ng janozasi o‘qilib, Madina shahridagi “Baqi” qabristoniga dafn etildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Joriy yil Umra mavsumi 20 sentyabrdan boshlanadi