date
views 4 938

Qaysi mamlakatlar ko‘chib borganlar uchun pul to‘laydi?

Qaysi mamlakatlar ko‘chib borganlar uchun pul to‘laydi?
Foto: «SM News»
Dunyodagi yuzlab shahar va qishloqlar sekin-asta yo‘q bo‘lib ketish arafasida. U yerlarda yashovchilar kamayib ketayotganidan hatto ayrim mamlakatlar ko‘chib borgan kishilarga pul ham to‘lashga tayyor, deb yozadi «Xabar.uz» nashri.

Ponga qishlog‘i, Ispaniya
Asturiya provinsiyasida aholisi 694 kishidan iborat kichik Ponga qishlog‘i barqaror iqtisodiyot va demografik vaziyatni orzu qilyapti. O‘z maqsadiga erishish uchun hukumat Ponga qishlog‘iga ko‘chib borgan har bir kelin-kuyovga 3 ming yevrodan, tug‘ilgan har bir chaqaloq uchun yana 3 ming yevrodan to‘lashga tayyor.
Ponga qishlog‘i — mamlakatdagi eng ko‘hna manzilgohlardan biri bo‘lib, tog‘li va xushmanzara qo‘riqxona hududida joylashgan.

Bormida, Italiya
Bormida kommunasi Savona provinsiyasida, Genuya shahridan 80 km masofada joylashgan. Aholi soni bor-yo‘g‘i 456 kishi — mahalliy aholining ko‘pchiligi qishloqdan shaharlarga ish izlab ketib qolishgan. Bormidada ishsizlik – katta muammo. Hukumatning internet orqali masofadan turib ishlash taklifi ko‘pchilikni qiziqtirishi mumkin. Faqat qishloqda barqaror aloqa bormi degan masala ochiqligicha qolmoqda.

U yerga ko‘chib borishga qaror qilgan kishilarga 2 ming yevro to‘lashadi. Ustiga-ustak, ijara haqi ham osmon emas — oyiga 50 — 120 yevro atrofida.

Detroyt, AQSh
Bir zamonlar «AQShning avtomobil poytaxti» hisoblangan Detroyt shahri boshidan og‘ir kunlarni o‘tkazmoqda. Michigan shtati hukumati turli sohadagi mutaxassislarni jalb qilishga urinmoqda. Detroytga ishlash va yashash uchun kelgan professionallarga 2,5 ming dollar to‘lashadi hamda moslashishiga ko‘maklashiladi.

Misima, Yaponiya
Yaponiyadagi kichik Misima ovulida taxminan 400 kishi istiqomat qiladi. Ular asosan keksalar va katta yoshli odamlar. Qishloq hududi uchta kichik orolda joylashgan. Yaxshi jihati — go‘zal tabiat manzarasi va toza havo. Yomon tomoni —ish yo‘q.

Bunga e’tibor bermaydigan odamlarni $840 va orolda kun kechiriladigan dastlabki 3 yil davomida moddiy quvvatlash kutib turibdi.

Saskachevan, Kanada
Saskachevan provinsiyasi endigina diplom olgan va hali ish topolmagan iqtidorli yosh mutaxassislarni quchoq ochib kutib oladi. Bitiruvchilarni 7 yil muddatga ishga olishadi. Shundan keyin professionallar Kanadada bir umr qolib ketishi mumkin. Boshida hukumat har bir mutaxassisga 20 ming dollar taklif etadi.

Matsayker oroli, Avstraliya
Bunday taklif shahar shovqini, infratuzilma va ko‘ngilxushliklardan charchagan, tabiat va yolg‘izlikni yoqtiruvchilar uchun ayni muddao.

Matsayker orolining maydoni — 1,86 kvadrat kilometr. Unda qahvaxona ham, klub va savdo markazlari ham yo‘q. Lekin sokinlik va yashillik muhayyo. Tasmaniya shtatiga yashash uchun otlangan dovyuraklar turar joy va ish bilan ta’minlanadi. Misol uchun, mayoq nazoratchisi bo‘lib ishga kirishi mumkin.

Pitkern oroli, Tinch okeani janubiy qismi
Odamovilar uchun yana bir ajoyib taklif. Pitkern orolida bor-yo‘g‘i 50 kishi kun kechiradi. Yangi ko‘chib borgan odamga uy qurish uchun yer kafolatlanadi va moslashish davrida har tomonlama qo‘llab-quvvatlaniladi. To‘g‘ri, orolda atigi 1 ta do‘kon bor, u ham haftasiga uch marta ishlaydi. Ko‘ngilochar tashkilotlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Hozircha faqat 1 kishi u yerga ko‘chib borishga jur’at etgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qaysi mamlakatlar ko‘chib borganlar uchun pul to‘laydi?