10:34 / 08.01.2020
6 626

Eron AQSHning Iroqdagi harbiy bazalariga zarba berdi (video)

Eron AQSHning Iroqdagi harbiy bazalariga zarba berdi (video)
Foto: REUTERS
Eron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish maqsadida, Iroq g‘arbi va shimolidagi AQSH harbiy bazalariga zarbalar berdi. Tehron bazalardan biri yo‘q qilingani haqida ma’lum qilmoqda. Pentagon yetkazilgan zararni hali baholamadi.

AQSH askarlari joylashgan Iroq g‘arbidagi Ayn al-Asad harbiy-havo bazasi Eron tomonidan raketa hujumiga uchradi. Bu haqda 8 yanvar, chorshanbaga o‘tar kechasi Islom inqilobi soqchilar korpusi tomonidan tarqatilgan bayonotda aytilgan.

Hujum eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun o‘ch olish harakati deb ataldi. Aviabazaga kamida to‘qqizta raketa uchirilgani haqida xabar bergan Tehron, hujum natijasida ob’ekt «to‘liq yo‘q qilingani»ni e’lon qildi.

AQSH Mudofaa vazirligi o‘zining ikkita bazasiga hujum qilingani to‘g‘risida xabar berdi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Erbildagi baza ham raketa zarbasiga uchragan. AQSH harbiylariga ko‘ra, Eron o‘ndan ortiq ballistik raketalar uchirdi.

Ayni paytda, Pentagon hozircha zararni baholashga tayyor emas. Raketa hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar bor-yo‘qligi ham noma’lum.

Bundan oldin, Eron parlamenti Pentagonni terrorchi tashkilot deb tan olgandi. Ushbu qaror Iroqda eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi ortidan qabul qilindi.

Eron tashqi siyosatidagi bosh strategi, Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni, amalda Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam sanalgan Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroport hududida amerikalik harbiylarning dron orqali bergan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘ldi.

Hujum AQSH prezidenti Donald Trampning farmoyishiga binoan amalga oshirildi. U Sulaymoniy dunyoning birinchi raqamli terrorchisi bo‘lgani va millionlab kishilarning o‘limi uchun javobgarligini aytib o‘tdi. Tramp Sulaymoniyning o‘ldirilishi urushning boshlanishi emas, urushning yakunlanishi bo‘lganini qayd etib o‘tdi.

Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Trampning «Tvitter»da ma’lum qilishicha, agar Tehron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi tufayli amerikaliklarga hujum qilsa, unda Qo‘shma Shtatlar «Eron uchun juda muhim bo‘lgan» 52ta ob’ektga «juda tez va juda kuchli» zarba berishga tayyor turibdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron AQSHning Iroqdagi harbiy bazalariga zarba berdi (video)