
Asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan taniqli tadbirkor Fattoh Shodiyev Rossiyaning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Tegishli farmon mamlakat prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolandi.
Moskva Davlat xalqaro munosabatlar instituti rasmiy saytida xabar qilinishicha, ERG (Yevrosiyo guruhi) va IMR (International Mineral Resources) egalaridan biri, Xalqaro Shodiyev fondining asoschisi, «MGIMO» Vasiylik kengashi a’zosi va Universitet Endaumenti asoschilaridan biri, 1976 yilda institutning Xalqaro huquq fakultetini tamomlagan Fattoh Qayumovich Shodiyev «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Qayd etilishicha, u madaniyat va san’at sohasidagi ulkan xizmatlari, ko‘p yillik samarali faoliyati uchun orden bilan taqdirlandi.
Fattoh Shodiyev 1953 yil 15 aprelda Jizzax viloyatida tug‘ilgan, Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini Xalqaro huquq ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. Siyosiy fanlar nomzodi, Qozog‘iston Respublikasi Tabiiy fanlar akademiyasi a’zosi.
F.Shodiyev «MGIMO»ni tugatganidan so‘ng SSSRning Yaponiyadagi savdo missiyasi maslahatchisi (1976-1979 yillar), SSSR Savdo vazirligida sovet-yapon iqtisodiy munosabatlari bo‘yicha yetakchi mutaxassis (1979-1989) bo‘lib ishlagan.
U tog‘-kon sanoati, qayta ishlash, energetika, logistika va marketing sohalari bo‘yicha integratsiyalashgan korxonalarga ega tabiiy resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha yetakchi guruhlardan sanaluvchi ENRC (Eurasian Natural Resources Corporation) shirkati egalaridan biri.
F.Shodiyev shuningdek, Bolqon yarim oroli, Zambiya va Janubiy Afrikada ferronikel, mis hamda kobalt qazib olish bo‘yicha aktivlarni birlashtirgan IMR (International Mineral Resources) kon metallurgiya shirkatining asoschilaridan biri hisoblanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar