Putin Chuvashiston rahbarini iste’foga chiqardi (video)

Putin Chuvashiston rahbarini iste’foga chiqardi (video)
Foto : GETTY IMAGES
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z farmoni bilan Chuvashiston prezidenti Mixail Ignatyevni «ishonchni oqlamagani» uchun iste’foga chiqardi. Yanvar oyida Ignatyev ikkita shov-shuvli mojaro markazida qolgandi.

Kreml saytida ma’lum qilinishicha, Ignatyev «ishonchni yo‘qotgani» sababli lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga vaqtinchalikka Davlat dumasi deputati Oleg Nikolayev tayinlandi.
50 yoshli Ignatyevning iste’foga chiqarilishidan oldin uning ishtirokida ikkita shov-shuvli mojaro yuz bergandi.

Chuvashiston rahbari 18 yanvarda Matbuot kuniga bag‘ishlangan chiqishida ba’zi jurnalistlar va blogerlar respublikaga «turli yo‘llar bilan» pul ishlagani kelishlarini, u yerda «yaxshi o‘rnashib olib», «hech kim va hech narsadan bexabar bo‘lar-bo‘lmas narsalarni yozishlari»ni aytgan.

«Shu sababli ularni, xalq tilida aytiladigandek, ta’zirini berish kerak. Ular qayerdan, qanday niyatda kelganlari, qayerda yashashlari, ishlashlari, qanday pul topishlari haqida gapirish kerak», deb aytgan Ignatyev.

Chuvashistonning endilikda sobiq rahbari ishtirokidagi yana bir mojaro o‘t o‘chiruvchilarga yangi xizmat mashinalari kalitlarini topshirishi vaqtida yuz bergan. Mahalliy matbuotda yozilishicha, ushbu voqea videosida Ignatyev mashina kalitini topshirish vaqtida uni baland ko‘tarib, «favqulodda vaziyatlar zobitini kalitni olish uchun sakrashga majbur qilgani» aks etgan.

Matbuotda Ignatyevning bu xatti-harakati «zobitni kalaka qilish» sifatida qabul qilingan. Shundan keyin Chuvashiston rahbarining bu «qilmishi» favqulodda vaziyatlar vazirligi va u a’zosi hisoblangan «Yedinaya Rossiya» partiyasi tomonidan ham tanqid qilingan. Mojarodan keyin Ignatyev partiya safidan chiqarilgan. Ignatyevning matbuot xizmati esa kalitni olish uchun sakragan zobit uning ko‘p yillik tanishi ekani va barchasi do‘stona tarzda kechgani haqida bildirgan.

Putin ma’muriyatidagi manbalarning ma’lum qilishicha, Ignatyevning iste’fosi uning ishtirokidagi mojarolargacha rejalashtirib qo‘yilgan edi. Ularning ta’kidlashicha, Chuvashistonga 2010 yildan beri rahbarlik qilib kelgan Ignatyevning reytinglari past va sog‘lig‘ida muammolar bo‘lgan. Ignatyevning vakolatlari muddati 2020 yil sentabrda tugashi kerak bo‘lgan.
Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar