
Foto: Mixail Metsel/TASS
Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tmoqda.
Uchrashuv avvalida Rossiya rahbari Suriyada turk harbiylarining halok bo‘lgani munosabati bilan ta’ziya bildirdi va Idlibdagi vaziyat bevosita muloqotni talab qilishini aytdi.
"Har doimgidek, gaplashadigan mavzumiz bor, hozir esa Idlibdagi vaziyat shunchalik keskinlashdiki, bu bizning bevosita shaxsiy muloqotimizni talab qiladi.
Uchrashuvimiz avvalida Suriyadagi harbiy xizmatchilaringiz halok bo‘lgani munosabati bilan yana bir bor chuqur ta’ziyamni bildiraman. Insonlarning halok bo‘lishi hamisha ulkan fojiadir. Afsuski, telefon orqali muloqotimizda aytganimdek, hech kim, jumladan, suriyalik harbiylar ham ularning joylashgan o‘rni haqida bilmagan.
Siz istaganingizdek, yuzma-yuz suhbatimizni boshlashga tayyormiz, so‘ngra, zarurat tug‘ilsa yonimizdagi hamkasblarimiz ham qo‘shilishi mumkin", — dedi Putin.
Erdo‘g‘an o‘z navbatida, asosiy vazifa Moskva va Anqara o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish ekanligini aytdi.
"Hozir munosabatlarimiz yuqori nuqtaga kelgan pallani boshdan kechirmoqdamiz. Bu shubhasiz, mudofaa sanoatiga ham, savdo munosabatlariga va boshqa narsalarga ham taalluqli. Biz eng katta vazifa munosabatlarimizni kuchaytirish va rivojlantirishdan iborat deb hisoblaymiz.
Shubhasiz, Idlib muzokaralari munosabati bilan o‘tkaziladigan bugungi uchrashuvimiz katta ahamiyatga ega. Darhaqiqat, hozir Idlibda vaziyat juda keskin. Bugun butun dunyo o‘z nigohini bu yerga (Moskvaga) qaratgan. Bugun amalga oshiriladigan qadamlarimiz va qabul qilinadigan qarorlarimiz vaziyatni shubhasiz yengillashtiradi deb hisoblayman”, dedi Turkiya prezidenti.
“Bunday vaziyat takrorlanmasligi va bu siz bilan biz qadrlaydigan Rossiya-Turkiya munosabatlariga putur yetkazmasligi uchun bugun siz bilan butun holatni gaplashib olishimiz kerak”, - dedi Putin.
Moskvaga tashrifi oldidan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Vladimir Putin bilan muzokaralardan so‘ng Idlibda o‘t ochish to‘xtatilishini kutayotganligini aytgandi.
Moskvaga Turkiya prezidenti bilan birga mamlakat ichki va tashqi ishlar, g‘azna va moliya vazirlari hamda milliy razvedka tashkiloti rahbari kelgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar