16:08 / 22.04.2020
2 738

Virusolog: «Koronavirusning narsalar yuzasi orqali tarqalishi isbotlanmagan»

Virusolog: «Koronavirusning narsalar yuzasi orqali tarqalishi isbotlanmagan»
Germaniyalik virusolog Hendrik Shtreyek koronavirusning turli narsalar yuzasida uzoq vaqt davomida yashash xususiyatiga ega emasligini, u faqat havo-tomchi yo‘li orqali yuqishi mumkinligini aniqladi.

Germaniyaning Bonn universiteti qoshidagi virusologiya instituti direktori, professor Hendrik Shtreyek matbuot anjumanida o‘z tadqiqotlari asosida olingan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Uning boshchiligidagi mutaxassislar guruhi Germaniyaning koronavirus eng ko‘p tarqalgan Haynsberg hududida tadqiqot o‘tkazishdi. 250 mingdan ortiq odam yashaydigan bu hududda koronavirus bilan xastalangan 1400dan ortiq bemor aniqlangan, o‘lim holatlari 46tani tashkil qilgan.

Shtreyek tadqiqotlari natijasida virusning turli narsalar yuzasida uzoq vaqt yashashi va tarqalishi o‘z isbotini topmagan.
«Haynsbergda virusning tarqalishi do‘konga borish natijasida emas, balki odamlarning ko‘p vaqt davomida bir joyga to‘planishi, ommaviy tadbirlarda ishtirok etishi oqibatida yuz bergani aniqlandi».

Virusolog turli narsalar yuzasida «tirik» viruslarning hech qanday izlari yo‘qligini aniqlagan.
«Eshik tutqichlari, telefonlar yoki hojatxonalardan namuna olganimizda, laboratoriya sharoitida bu tamponlardan tirik virusni kultivatsiya qilolmadik…».

Shtreyek fikriga ko‘ra, narsalarning yuzasida virus uzoq vaqt yashamaydi va uning yuqish ehtimoli past.
«Aslida narsalar yuzasi orqali virus yuqishi uchun kimdir qo‘liga yo‘talishi va darhol eshik tutqichini ushlashi, shundan keyin boshqa odam shu tutqichga tegishi va qo‘li bilan yuzini ushlashi kerak».

Avvalroq, koronavirus tomchi infeksiyasi ekani va havo orqali o‘zidan-o‘zi tarqalmasligini virusolog Kristian Drosten ham tasdiqlagan edi. O‘z intervyularidan birida u koronavirusning quruq havoga sezgirligini, uni yuqtirib olishning yagona yo‘li «tomchilar bilan nafas olish» ekanini aytgandi.

Shunday bo‘lsa-da, koronavirusning tarqalish yo‘llari bo‘yicha turlicha xulosalar bor. Masalan, Amerikaning CDC va NIH sog‘liqni saqlash instituti ekspertlari virusning qog‘oz yuzasida 24 soat, havoda 3 soat, plastmassa va zanglamas temir yuzasida 3 kungacha yashashi haqida xulosaga kelishgan. Biroq, Robert Kox institutining veb-saytidagi xabarda bunday ilmiy izlanishlar tajriba sharoitida o‘tkazilgani, shu tufayli kundalik hayotda infeksiyani yuqtirib olishga unchalik aloqador emasligi ta’kidlangan.

Endi professor Shtreyek Haynsbergda virusning tarqalishi va qanday qilib uning oldini olish mumkinligi bo‘yicha yana bir tadqiqot o‘tkazmoqchi. Tajribada tasodifan tanlab olingan 1000 odam ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

«Bunday chuqur tadqiqotlar natijalari karantindan qanday chiqish bo‘yicha tavsiyalar berilishiga xizmat qilishi mumkin», - deb hisoblamoqda Shtreyek.

Virusolog fikriga ko‘ra, odamlarning karantinda uzoq vaqt davomida qolib ketishi nafaqat ijtimoiy, balki sog‘liq bilan bog‘liq muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

«Odamlar ishidan, daromadidan ajralishi mumkin. Bundan tashqari, karantinda uzoq vaqt davomida o‘tirish – immunitet tizimining susayishiga olib keladi», - dedi Shtreyek.
Haynsbergdagi koronavirus bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarning asosiy natijalari keyingi haftada chiqishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Virusolog: «Koronavirusning narsalar yuzasi orqali tarqalishi isbotlanmagan»