date
views 2 471

Dunyodagi vaziyat: Rossiyada navbatdagi rekord, Eronda masjidlar ochilmoqda

Dunyodagi vaziyat: Rossiyada navbatdagi rekord, Eronda masjidlar ochilmoqda
Butun dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni 3,53 milliondan ortdi, 247 mingdan oshgan. Yevropa davlatlari birin-ketin karantin choralarini yengillashtirmoqda: Germaniyada cherkovlar, masjidlar va sinagoglar ochildi, Portugaliyada favqulodda holat rejimi bekor qilindi, Britaniya bosh vaziri esa o‘z o‘limiga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida gapirib berdi.

Rossiyadagi vaziyat
Rossiyada so‘nggi bir kunda 10 mingdan ortiq kishida koronavirus aniqlandi - bu kunlik o‘sish bo‘yicha navbatdagi rekorddir, jami zararlanganlar soni 134 687ga yetgan. So‘nggi bir kunda yana 58 kishi koronavirus qurboniga aylangan, Covid-19 ushbu mamlakatda hozircha jami 1280 kishi o‘limiga sabab bo‘ldi.

EPA
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh kardiologi Sergey Boysovning aytishicha, yangi holatlar soni kundan kunga ko‘p bo‘layotganining asosiy sababi o‘tkazilayotgan testlar soni ham ko‘p bo‘layotgani bilan izohlanadi. Shu bilan birgalikda, Boysov rossiyaliklar karantinda o‘tirishni istamayotganini ham bir sabab sifatida keltirgan.

2 may kuni Sankt-Peterburgda yana bir shifokor koronavirus qurboniga aylandi va shifokorlar orasidagi o‘limlar soni 10taga yetdi, Leningrad oblastida ham bir shifokor o‘limi qayd etilgan.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh epidemiologi Nikolay Briko iyun oyiga borib zararlanish holatlari soni kamayishiga umid bildirgan.

Akademikning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya butkul yo‘qolishiga umid qilish o‘rinsiz: «Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, epidemiyaning teskari rivojlanish bosqichi o‘sishga qaraganda uzoqroq vaqt davom etadi. Epidemik jarayon siklining yakuni haqida yangi zararlanish holatlari ulushi bir foizdan kam bo‘lgandagina gapirish mumkin».

Shanba kuni Moskva meri Sergey Sobyanin karantin choralari kuchaytirilishi mumkinligi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarurat tug‘ilsa, shaharda harakatlanish uchun imkon beradigan ruxsatnomalar berilishi qisqartirilishi mumkin.

15 apreldan buyon shahar ko‘chalarida faqat raqamli ruxsatnoma bilan harakatlanishga ruxsat berilgan. Uning uch xil turi bor: ishga borish uchun, tibbiyot muassasalariga borish uchun va «boshqa maqsadlar» uchun pushtirang propusk.

Yevropa ochilmoqda

REUTERS
Germaniyada yakshanba xizmati uchun cherkovlar ochildi, ammo ayrim cheklovlar saqlab qolindi. Hozircha diniy qasidalar taqiqlanadi - hukumat qasida kuylanishi virus tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkinligini hisobga olmoqda. Shuningdek, diniy muassasalarga keluvchilar soniga cheklov o‘rnatilgan, keluvchilar bir-biridan ikki metr masofa saqlashi kerak, xristian rohiblari esa faqat niqobdagilarning tavbalarini qabul qilishi mumkin.

Masjidlar va sinagoglarda ham yangi gigiyena qoidalariga amal qilinadi. 22 martdan buyon qat’iy cheklov rejimi tufayli yopiq bo‘lgan ko‘plab do‘konlar o‘tgan haftadayoq ochilgandi, ammo hozircha restoranlar, barlar va mehmonxonalar yopiqligicha qolmoqda, shuningdek, sport tadbirlari qachon tiklanishi ma’lum emas.

O‘tgan haftada hukumat tez orada bolalar maydonchalari, muzeylar, hayvonat bog‘lari va boshqa madaniy hordiq chiqarish joylari ochilishi haqida ma’lum qilgandi.
Germaniyada so‘nggi bir kunda 74 o‘lim va 793ta yangi zararlanish holati qayd etildi.

Portugaliya yakshanba kunidan karantin choralarini bosqichma-bosqich bekor qilishni boshlaydi, olti hafta oldin joriy etilgan favqulodda vaziyat rejimi bekor qilinadi. Hukumat aholini agar yangi kasallanish holatlari yana osha boshlasa, favqulodda holat rejimi qaytadan joriy etilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Jamoat transportida va yopiq binolar ichida tibbiy niqob taqib yurish majburiydir.

Karantin choralari yumshatilishi davom etayotgan Ispaniyada so‘nggi bir kunda 164 bemor vafot etdi - bu so‘nggi 7 haftada qayd etilgan kunlik eng kam ko‘rsatkichdir.

9 may kuni parad bo‘ladi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko koronavirus pandemiyasi tufayli 9 may kuniga belgilangan harbiy paradni bekor qilmoqchi emas. Prezident Lukashenko - Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarini inkor qilgan kam sonli davlat rahbarlaridan biridir, Belarusda karantin choralari ham, ijtimoiy masofa saqlash tartibi ham joriy etilmadi.

«Aytishim kerakki, biz paradni bekor qila olmaymiz. Shunchaki buni qila olmaymiz. Men bu haqda ko‘p o‘yladim. Albatta, bu hissiy, chuqur mafkuraviy masaladir», degan Lukashenko. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 15 mingdan ortiq holat va 97 o‘lim qayd etilgan.

Britaniyalik shifokorlarda Borisa Jonson o‘limiga tayyorgarlik ssenariysi bo‘lgan
Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Covid-19 bilan kasallanib, sog‘ayib chiqqanidan keyingi ilk intervyusida shifoxonada hayotini saqlab qolish uchun unga «litrlab kislorod berishgani» haqida aytib o‘tdi. Uning aytishicha, ahvoli juda og‘ir bo‘lgani tufayli shifokorlar uning o‘limi haqida e’lon berishga tayyor turishgan.

«Vaziyat qanchalar yomonlashishiga qarab shifokorlarda bir necha reja bo‘lgan. (...) Ularda «Stalinning o‘limi»dagiga o‘xshash strategiya bo‘lgan», - degan u.

Jonsonga 26 mart kuni Covid-19 tashxisi qo‘yilgandi, 10 kun o‘tib uni shifoxonaga olib ketishdi, bir necha kundan keyin esa u ahvoli og‘irlashib, jonlantirish bo‘limiga joylashtirildi (ammo sun’iy nafas oldirish apparatiga ulanmadi). 27 aprel kuni u ishga qaytdi, 29 aprelda esa Jonson va uning qallig‘i Kerri Saymonds farzandli bo‘lishdi. Chaqaloqqa Uilfred Lori Nikolas deb nom qo‘yildi.

Jonsonning bobosini ismi Uilfred bo‘lgan, Lori esa — Saymondsning bobosini ismi. «Yana bir ism — Nikolas — Borisning hayotini saqlab qolgan ikki shifokor — Nik Prays va Nik Xart sharafiga qo‘yildi», deb yozadi Saymonds instagramdagi sahifasida.

Futbol qachon qaytadi
«Sassuolo» klubi Italiya A Seriyasi jamoalari orasida pandemiya tufayli yuzaga kelgan tanaffusdan keyin mashg‘ulotlarga qaytgan ilk klub bo‘ldi. Italiya chempionati 10 mart kuni to‘xtatilgandi.

Jamoa vakillarining so‘zlariga ko‘ra, avvaliga futbolchilar alohida shug‘ullanishadi, jamoaviy mashg‘ulotlar esa ijtimoiy masofa saqlash tartibi muddati tugagach, 18 maydan keyin boshlanishi mumkin.

Italiyada koronavirusdan o‘lim darajasi Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etib turibdi, bu mamlakatda 210 mingdan ortiq kishi virusdan zararlangan, ularning 29 mingga yaqini vafot etgan.

Germaniya Ichki ishlar vazirir Xorst Zeyexofer Bundesligada o‘yinlar yopiq tribunalarda davom ettirilishi mumkinligi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaysidir jamoada bemor aniqlansa, klub to‘liqligicha ikki haftaga karantinga joylashtiriladi.

AQSHda Uorren Baffet aviakompaniya aksiyalaridan voz kechdi
AQSHdagi xalqaro investorlardan biri, milliarder Uorren Baffet o‘zining Berkshire Hathaway holding kompaniyasi Amerikadagi to‘rtta yirik aviakompaniya aksiyalarini sotishini ma’lum qildi. Uning baholariga ko‘ra, yaqin uch-to‘rt yilda uchishlar bozori koronavirus tufayli keskin qisqaradi.

Uorren Baffetning kompaniyasi koronavirus sababli hozirgacha 50 mlrd dollar yo‘qotdi.
AQSHda koronavirusdan o‘limlar soni 68 mingdan oshgan, so‘nggi bir kunda qariyb 1,5 ming bemor vafot etdi. Virusdan zararlanish holatlari soni 1,2 millionga yaqinlashgan.

Tailand: restoranlarda plastik to‘siqlar

Tailandda bozorlar ochildi / AFP
Tailand ayrim cheklovlarni bekor qila boshladi - bozorlar, sartaroshxonalar, ba’zi sport binolari ochildi. Restoranlar faqat bir shart bilan ishlashi mumkin - xodimlar va mijozlar masofa saqlashi kerak - buning uchun maxsus plastik to‘siqlar o‘rnatilgan. Ammo barlar va kinoteatrlar yopiqligicha qolmoqda.

Yakshanba kuni ushbu mamlakatda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq uch holat qayd etildi, bir bemor vafot etdi. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda jami 2 969 kishida virus aniqlangan, 54 kishi vafot etgan.

Eron masjidlarni ochmoqda

Foto: AFP
Eronda mart oyi o‘rtalarida yopilgan masjidlar ochilmoqda. Mamlakatda Ramazon oyi davom etmoqda, prezident Hasan Ruhoniyning so‘zlariga ko‘ra jami 132 masjid faoliyatiga ruxsat berilgan.

Hukumat karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatish rejasini ishlab chiqmoqda. O‘tgan haftada Ruhoniy yaqin vaqt ichida cheklov choralari yumshatiladigan hududlar ro‘yxati e’lon qilinishini ma’lum qilgandi.

Mamlakatda koronavirus sababli kiritilgan cheklovlar bekor qilina boshlandi – do‘konlar, bog‘lar va bozorlar ochilgan, shaharlararo avtomobil yo‘llarida harakatlanish tiklangan.

Eronda kasallikdan zararlanish holatlari soni 97 mingdan oshgan, 6,2 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi vaziyat: Rossiyada navbatdagi rekord, Eronda masjidlar ochilmoqda