date
views 2 223

Virus tahdidi ostidagi dunyo qayta ochila boshladi

Virus tahdidi ostidagi dunyo qayta ochila boshladi
Foto: REUTERS/Antonio Parrinello
O‘tgan hafta davomida dunyo miqyosida koronavirus yuqtirib olayotganlarning kunlik ko‘rsatkichi 2-3 foizga o‘sib bordi. Mart oyi o‘rtalarida esa bu ko‘rsatkich 13 foiz edi.
Dunyo liderlari va turli tashkilotlar koronavirusga qarshi vaksina topish uchun 8 milliard dollar ajratdi – ularning ko‘pchiligi vaksina topilsa, undan hech bir davlat quruq qolmasligidan umid qilmoqda, deyiladi Jahon iqtisodiy forumi saytidagi maqolada.

Italiya – virus tarqalishi tufayli og‘ir vaziyatda qolgan davlatlardan biri. Bu yerda salkam 2 oylik karantindan so‘ng, 4,5 million odamga ishga borishga ruxsat berildi. Quruvchilar ham qayta ish boshlashdi, qarindoshlar esa ko‘rishish imkoniga ega bo‘ldi.

Italiyalik ayol Mariya Galluzzo 3 yoshli nevarasini 8 hafta deganda birinchi marta ko‘rgani, Rimdagi parklardan birida uni zavq bilan sayr qildirib yurganini aytadi.
Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte 30 mingdan ortiq qurbon bergan mamlakat «hanuz pandemiya qo‘rquvi ichida» qolayotganini aytdi.

Italiya statistika idorasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Covid-19 tashxisi qo‘yilmasdan vafot etgan yoki sog‘liqni saqlash tizimi haddan ortiq band bo‘lib qolgani tufayli tibbiy yordam ola olmay hayotdan ko‘z yumganlar soni taxminan 11600 nafarni tashkil etadi.

Hozir ham Italiyada bir joyda yig‘ilish taqiqlangan. Ko‘plab do‘konlar 18 maygacha yopiq bo‘ladi. Maktab, kino va teatrlar qachon ochilishi noma’lum.

«Hammasi iziga tushayotgani yaxshi, lekin dunyo butunlay o‘zgargan. Hammasini juda kech boshladik, degan tashvishdaman. Mamlakat virusning ikkinchi to‘lqiniga dosh bera oladimi yoki yo‘qmi, bilmadim», – deydi Rimda umumiy ovqatlanish sohasida ishlovchi ayol Janluka Martuchchi.

Dunyo bo‘yicha virus yuqtirish va o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha birinchi o‘rinda turgan AQSHning ayrim shtatlari ham biznesga cheklovlarni yengillashtirmoqda.

Foto: REUTERS/Megan Jelinger
Shu bilan birga, The New York Times nashrining hukumatdagi manbalariga tayanib yozishicha, may oyi oxiriga borib amerikaliklarning koronavirus tufayli kunlik o‘lim holati 3 mingga chiqishi kutilmoqda. Hozir virusdan AQSHda kuniga o‘rtacha 2 ming kishi qurbon bo‘lyapti.

Oq uy rasmiylari o‘z nutqlarida tez-tez iqtibos keltiradigan Vashington universiteti tadqiqotlari mamlakatda o‘limlar soni hali yuqori sur’atda ortishda davom etishi va 4 avgustgacha 135 mingdan oshishini ko‘rsatmoqda. Hozirda qurbonlar soni 80 mingga yetgan.

Nyu-York gubernatori Andrey Kumo shaharda ishlab chiqarishning qurilish va boshqa shu kabi virusdan kamroq zararlangan tamroqlariga ish boshlashga ruxsat berdi.

«Qayta ochilish» dunyoning boshqa yerlarida ham kuzatilmoqda: Ispaniya, Portugaliya, Belgiya, Finlandiya, Nigeriya, Hindiston, Malayziya, Tailand, Isroilda ham zavodlar, qurilish tarmoqlari, parklar, kutubxona va sartaroshxonalar ochilmoqda.

O‘tgan hafta davomida dunyo miqyosida koronavirus yuqtirib olayotganlarning kunlik ko‘rsatkichi 2-3 foizga o‘sib bordi. Mart oyi o‘rtalarida esa bu ko‘rsatkich 13 foiz edi.

Sartaroshlar, xo‘jalik mollari va boshqa do‘konlar Ispaniyada ham qayta ochila boshlagan. La Liga klublari iyun oyidan o‘yinlar qayta boshlanishi mumkin, degan umidda mashg‘ulotlarni boshlashmoqda.

Xuddi shunday cheklovlar yumshashi Portugaliya, Belgiya, Hindiston va Isroilda ham kuzatilmoqda.
Buyuk Britaniyada esa hali pandemiya o‘z cho‘qqisiga chiqib ulgurmagani aytilmoqda.

Yaponiya favqulodda vaziyat rejimi 31 maygacha saqlab qolinadi.

Foto: REUTERS
Dunyo bo‘ylab odamlar yangi normal hayotga moslashmoqda. Masalan, AQSH oliy sudida birinchi marta telekonferensiya orqali ish olib borildi va jarayon jonli efirda namoyish etildi.

Rim ko‘chalariga esa mashinalar shovqini qaytgan: avtobuslar, yengil mashinalar, motosikllar tonggi qatnovlarni tashkil qilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ko‘chalar unchalik tig‘iz emas, odamlar ham masofa saqlashga harakat qilmoqda.

Livan poytaxti Bayrutda esa restoranlar ochilyapti, biroq masofa saqlanishi uchun ulardagi stollarning 70 foizdan ko‘pi olib qo‘yilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Virus tahdidi ostidagi dunyo qayta ochila boshladi