23:48 / 28.09.2020
3 022

Tog‘li Qorabog‘da urushning ikkinchi kuni. Tomonlar yuzlab qurbonlar va jarohatlanganlar haqida xabar bergan

Tog‘li Qorabog‘da urushning ikkinchi kuni. Tomonlar yuzlab qurbonlar va jarohatlanganlar haqida xabar bergan
Foto: EPA / Scanpix / LETA
Ozarboyjon Mudofaa vazirligi Armaniston qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlar oqibatida 550 nafardan ortiq harbiysini yo‘qotganini ma’lum qildi. Armaniston tomoni o‘z navbatida Ozarboyjon armiyasi bir kunda qariyb 200 nafar harbiy xizmatchisidan ayrilgani haqida xabar tarqatgan.

28 sentabr kuni ham Tog‘li Qorabog‘da Ozarboyjon va Armaniston harbiylari o‘rtasida janglar davom etdi. Yerevan ham, Boku ham o‘z muvaffaqiyatlari va raqib mag‘lubiyati haqida xabar tarqatgan. Harbiy harakatlar davomida qancha askar halok bo‘lgani ma’lum emas — har ikki tomon dushman juda ko‘p qurbon bergani va o‘zining yo‘qotishlari nisbatan kamligi to‘g‘risida bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan bayonotlar bermoqda. Tomonlarning yo‘qotishlari haqida mustaqil manbalarga asoslangan aniq ma’lumotlar yo‘q.

Xabarlarda tinch aholi orasidagi qurbonlar haqida ham aytilmoqda, ammo ularning soni qanchaligi ham ma’lum emas. Armanistonning Rossiyadagi elchisi Vardan Toganyan esa vaziyat yanada keskinlashgudek bo‘lsa, mintaqa aholisini gumanitar yo‘lak orqali evakuatsiya qilish imkoniyati ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi (keyinroq u o‘zining so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilingani, gap evakuatsiya haqidamas, Stepanakertda yetarli miqdorda bombapanohgohlarni tayyorlash haqida ketganini aytib o‘tdi).

Armaniston Turkiyani ushbu nizoga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashishda aybladi. Anqara avvalboshdan Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda — ammo rasman faqat so‘zlarda. Armaniston TIV esa «ishonchli manbalarga asoslanib» Turkiya «xorijiy terrorchilar»ni yollayotgani va Ozarboyjonga tashlayotganini, shuningdek, ittifoqchisini mutaxassislar va qurol-yarog‘, shu jumladan, uchuvchisiz uchish qurilmalari va harbiy samolyotlar bilan ta’minlayotgani haqida ma’lum qildi.

Turkiya hukumati bu ayblovlarni rad etdi — prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning maslahatchisi RIA Novosti bilan suhbatda, Anqara hozirda Qorabog‘ga harbiylar yuborishga zarurat ko‘rmayotganini aytib o‘tdi. Turkiya hukumati o‘z bayonotida Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashi haqida rasman ma’lum qilgandi. 27 sentabr kuniyoq Rajab Erdo‘g‘an Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilgan va «Turkiya, har doimgidek, bugun ham Ozarboyjon» bilan birgaligini aytgandi, keyingi kuni esa «Ozarbayjonga hujum qilgan» Armanistonni qoraladi va uni bosib olingan hududlarni tark etishga chaqirib, so‘nggi voqealar uchun javobgarlikni ushbu davlat zimmasiga yukladi.

Ikki tomon ham dushman safida Suriyadan kelgan yollanma jangchilar jang qilayotgani haqida gapirmoqda. Armanistonning Rossiyadagi elchisi Vardan Toganyan tongda «Exo Moskva»ga bergan intervyusida Turkiya Suriya shimolidan Tog‘li Qorabog‘ga «to‘rt mingga yaqin jangari»ni olib o‘tganini aytdi. O‘z navbatida, Ozarboyjon Mudofaa vazirligi razvedka ma’lumotlariga tayangan holda, dushman bergan qurbonlar orasida «Suriya va Yaqin Sharqning boshqa hududlaridan yollanma jangchilar sifatida kelgan etnik armanlar ham borligi»ni ma’lum qilgan.

Rossiya TIV tomonlarni «maksimal darajada tiyilish»ga chaqirdi. Vazirlik bu bayonotlar berish masalasiga ham taalluqli ekanini qayd etdi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «harbiy harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi lozimligi», Rossiya mojaroni hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyorligini aytib o‘tdi. «Rossiya hamisha muvozanatli pozitsiya tanlaydi, aynan shu pozitsiya Rossiyaga o‘z ta’siridan va ikki davlat — Ozarboyjon bilan ham, Armaniston bilan ham do‘stona munosabatlaridan foydalanish imkonini beradi», degan Peskov.

Shu bilan birga, Tog‘li Qorabog‘dagilar Rossiya KXSHTdagi ittifoqchisi Armanistonni qo‘llab-quvvatlashi kerak deb hisoblashmoqda. «Rossiya Armanistonning ittifoqchisi hisoblanadi va kuchli qo‘llab-quvvatlash, masalan, Turkiya tomonidan ittifoqchisi Ozarboyjonga ko‘rsatilayotgani kabi qo‘llab-quvvatlov kutish mumkin», degantan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi TIV rahbari Masis Mailyan.

Tog‘li Qorabog‘da artilleriya zarbalaridan shikastlangan uy. 2020 yil 28 sentabr
Vagram Bagdasaryan / EPA / Scanpix / LETA

Boshqa davlatlar ham Armaniston va Ozarboyjonni muzokaralar boshlashga chaqirmoqda. AQSHning Bokudagi elchixonasi ro‘y berayotgan voqealardan tashvishdaligini bildirdi va Vashington «zo‘ravonlik avj olishini qat’iyan qoralashi»ni ma’lum qildi. Germaniya hukumati vaziyatni «juda xavfli» deb baholagan hamda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Armaniston va Ozarboyjon rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qilib, Parij o‘zaro muloqot tiklanishi uchun bor imkoniyatini ishga solishini aytgan. YEI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel ikki tomondan ham yangi urush boshlanishidan qochish uchun o‘zlariga bog‘liq bo‘lgan barcha ishni qilishni talab qilgan.

27 sentabr kuni Tog‘li Qorabog‘da Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi jangovar harakatlar qaytadan boshlandi. Ikki tomon ham artilleriya va og‘ir texnikadan foydalanmoqda. Tomonlar bir-birini ig‘vogarona xatti-harakatlar va tutashuv chizig‘ini kesib o‘tishda ayblamoqda, shuningdek, muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirib, dushmanning yuzlab harbiy xizmatchilarini yo‘q qilgani haqida hisobot bermoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tog‘li Qorabog‘da urushning ikkinchi kuni. Tomonlar yuzlab qurbonlar va jarohatlanganlar haqida xabar bergan