15:45 / 10.12.2020
4 499

Endi avvalgiday bo‘lmaydi: dunyoni o‘zgartirayotgan besh omil

Endi avvalgiday bo‘lmaydi: dunyoni o‘zgartirayotgan besh omil
Biz yashayotgan hozirgi dunyoda insoniyatga bu qadar keng imkoniyatlar berilmagan. Bundan ming yillar avval afsonalarda zikr etilgan uchar gilam, oynayi jahon, hech o‘chmas shamchiroq hozir biz uchun yetib bo‘lmas orzu emas – biz samolyot, televizor, elektr chiroqlardan kundalik hayotimizda bemalol foydalana olamiz.

Endi inson umrini uzaytirish ham muammo emas: vabo, o‘lat, chechak, ichterlama kabi kasalliklarning davosi bundan 100 yillar avval topilgan; hatto saratonga chalingan bemorning ham umrini rivojlangan tibbiyot bilan ma’lum muddatga uzaytirsa bo‘ladi. 2020 yilda butun insoniyatni umidsizlikka tushurib, haqiqiy pandemiyaga aylangan COVID-19 ga qarshi ham tez kunlarda vaksina paydo bo‘ladi va barchamiz ozmi-ko‘pmi normal hayotga qaytamiz.

Ammo muqarrar savol eshik qoqib turibdi: biz yashayotgan hayot pandemiyadan so‘ng avvalgi holatida qoladimi?
Shu narsa aniqki, COVID-19 pandemiyasi jamiyat va iqtisodiyot uchun uzoq davrlarga cho‘ziluvchi o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Insoniyat bosqichma-bosqich o‘tayotgan ba’zi jarayonlar karantin sababli tabiiy ravishda tezlashib ketdi.

Visual Capitalist loyihasi pandemiya tezlashtirgan beshta asosiy tendensiyani ham muhokama mavzusiga aylantirgan.

Gadjetlarga sarflanadigan vaqt
Biz hozir elektron mexanizmlarsiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz. Hech bo‘lmaganda telefonsiz 1 soatlik hayotingizni tasavvur qilib ko‘ring: imkonsiz emas, albatta, lekin normal hayotga ham o‘xshamaydi, shunday emasmi?

Odamlarning gadjetlar bilan o‘tadigan vaqti doimiy ravishda oshib borish jarayoni koronavirus paydo bo‘lishidan avval ham bo‘lgan (2008 yildan 2018 yilgacha bu ko‘rsatkich 12 baravar oshgan). Pandemiya vaqtida hamma, ayniqsa, bolalar va o‘spirinlar uyda bo‘lgani bois monitor yoki ekranga qadalgan nigohlar soni hamda o‘tkaziladigan vaqt hajmi oshishi, albatta, tabiiy hol. Pandemiya oldidan kuniga to‘rt yoki undan ko‘p vaqtini elektron moslamalar bilan o‘tkazadigan 18 yoshgacha bo‘lganlar 21% ni tashkil qilgan bo‘lsa, pandemiyadan so‘ng bu ko‘rsatkich ikki baravarga oshgan (44%). Shu sabab xalqaro internet-trafik hajmi foydalanuvchilari doimiy oshib bormoqda.

Pandemiyadan video o‘yinlar bozori ham ancha foyda ko‘rgan – bahordan boshlab bu sohada daromadlar keskin oshib, sotuvlar adadi ancha kengaygan.

Nashrning tahmin qilishicha, ko‘pchilik ish yoki o‘qish joylariga qaytgach gadjetlar bilan o‘tkaziladigan vaqt karantindan oldingi holatiga qaytishi mumkin.

Onlayn tijoratni rivojlantirish va kontaktsiz to‘lov usullariga o‘tish
COVID-19 insonlarni eski odatlardan voz kechishga majburlamoqda va dunyoni kontaktsiz to‘lov usullariga tezroq o‘tishga undamoqda. Bu jarayon onlayn sotuvlar rivojida sezilarli ta’sir qilyapti. Pandemiya mobil hamyonlarga va kontaktsiz kartalarga o‘tishni tezlashtiradi. Visual Capitalist 2020 yilni onlayn savdo sohasida burilish davri sifatida e’tirof etadi.

Globallashuv cho‘qqisi
Globallashuv moliyaviy inqirozdan keyin 1980 yillarning o‘rtalariga qadar pasayib ketdi. COVID-19 davrida ham YAIM ga nisbatan global savdo holati inqiroz davridagidan keskin farq qilmayapti.

Pandemiya savdo-sotiqqa ta’sir qilgani aniq va garchi uning uzoq muddatli oqibatlari haqida tahmin qilishga hali erta bo‘lsada, globallashuvning axborot komponenti global iqtisodiy jumboqning yanada muhim qismiga aylangan.

Koronavirus butun dunyoga tarqalishidan avval ham xizmatlarning global savdosi tovarlar tijoratidan 60 foizga tezroq o‘sdi va 2019 yilda 13.4 trillion dollarga baholandi.

Daromadlar xilma-xilligining o‘sishi dunyodagi eng boy va kambag‘al odamlar o‘rtasidagi daromad farqining o‘sish jarayoni bir necha o‘n yillar davomida saqlanib qolmoqda, lekin bu tengsizlikni COVID-19 keltirib chiqargan iqtisodiy shoklar yanada tezlashtirdi.

Pandemiya, ayniqsa, yosh avlodga salbiy ta’sir ko‘rsatdi: aynan shu odamlar koronavirusning iqtisodiy oqibatlaridan aziyat chekish ehtimoli ko‘proq. Boisi 18-24 yoshdagi odamlarning deyarli yarmi umuman hech qanday shaxsiy jamg‘armaga ega bo‘lmagani sababli ushbu guruh daromadlar uzilishlarini qoplash layoqatiga ega emas.

COVID-19 tufayli karantin choralari iqtisodiyotga qancha uzoq ta’sir etsa, pandemiyadan zarar ko‘rgan sohalarda ish bilan band bo‘lganlar daromadlari o‘rtasidagi farq shunchalik katta bo‘ladi.

COVID-19 oddiy aholining turmush sharoitini sezilarli darajada yomonlashtirishi bilan birga milliarderlarning farovonligiga deyarli ta’sir ko‘rsatmagan.

Masofadagi ishlash
2019 yildan boshlab uzoqdan ishlashga qarshi bo‘lgan kompaniyalarning yarmidan ko‘pi «aniq o‘rnatilgan tartib»ni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Chunki hozirgi vaziyat ish uslubini o‘zgartirib, eksklyuziv ish yuritish siyosatini qo‘llashni taqazo etadi.

Masofadan turib ishlash va taqsimlangan jamoalar bo‘yicha qimmatli tajriba biz o‘rganib qolgan ofis hayotiga keskin ta’sir ko‘rsatishini va butun «ofis tizimi»ni o‘zgartirishini bashorat qilinmoqda. Ushbu taxmin o‘zini allaqachon oqlagan ham: ko‘chmas mulkning global tijorat investitsiyalari 2020 yilning uchinchi choragida 48 foizga kamaygan.

Minglab odamlar masofadan ishlash mumkin bo‘lgani bois qimmat shaharlardan arzon shaharlarga ko‘chib o‘tishmoqda.

Aziza Hazratqulova tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Endi avvalgiday bo‘lmaydi: dunyoni o‘zgartirayotgan besh omil