18:00 / 07.01.2021
2 145

Obama Kapitoliyga qilingan hujumni Amerika uchun «buyuk sharmandalik» deb atadi

Obama Kapitoliyga qilingan hujumni Amerika uchun «buyuk sharmandalik» deb atadi
Foto: EPA
AQSH sobiq prezidenti Barak Obama Vashingtondagi Kapitoliy tepaligida bo‘lib o‘tgan voqealarga bag‘ishlangan bayonot bilan chiqdi, deb yozadi «RBK». Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi prezidentning ig‘vogarligi ostida yuz bergan Kongress binosiga hujum AQSH tarixiga «buyuk sharmandalik» sifatida kiradi.

«Qonuniy saylovlar natijalari haqida asossiz yolg‘on gapirishdan to‘xtamagan amaldagi prezidentning ig‘vogarligi oqibatida yuzaga kelgan Kapitoliydagi bugungi shafqatsizlikni tarix bizning millat uchun buyuk sharmandalik va uyat pallasi sifatida hali eslatadi», — deb yozdi Obama Twitter’da.

AQSH sobiq prezidenti hodisani shu bilan birga kutilmagan deb hisoblamasligini ham ta’kidladi. «So‘nggi ikki oydan buyon Respublikachilar siyosiy partiyasi va unga ittifoqdosh bo‘lgan matbuot juda ko‘pchilik hollarda tinglovchilarga va o‘quvchilarga haqiqatni aytishni istamay kelayotgan edi, bu saylovlarning bahsli bo‘lmagani va saylangan prezident Bayden 20 yanvar kuni lavozimiga kirishishi haqidagi haqiqatdir», — dedi u. Respublikachilarga yaqin matbuot o‘z o‘quvchilariga tasvirlab bergan manzarani Obama «fentezi janridagi hikoya» va voqelikdan uzoq bo‘lgan tasvir deb atadi.

Obamaning fikricha, respublikachilar yuzaga kelgan sharoitlarda birinchi qadamni o‘zlari tashlashi va «o‘t olgan alangani o‘chirishi» kerak. U Respublikachilar partiyasining Trampning siyosatiga qarshi chiqqan tarafdorlarini qo‘llab-quvvatladi.

Vashingtondagi hodisani qoralab AQSHning boshqa sobiq prezidentlari ham chiqish qildi. Bill Klinton Kapitoliyning Tramp tarafdorlari tomonidan ishg‘ol qilinishi bir vaqtning o‘zida butun mamlakat va konstitutsiyaga nisbatan ham hujum bo‘lganini aytdi. «Bu hujum ataylab dezinformatsiya tarqatuvchi, bizning siyosiy tizimimizga ishonchsizlik urug‘ini sochuvchi va amerikaliklarni bir-biriga qarshi gij-gijlovchi to‘rt yillik zaharli siyosat oqibatida kelib chiqdi», — deb hisoblaydi Klinton. U Konstitutsiyada ko‘zda tutilgan tarzda hokimiyatning tinch yo‘l bilan topshirilishini yakunlashni talab qildi.

Sobiq prezident kichik Jorj Bush Kapitoliydagi voqealarni kuzatib turganida «ko‘zlariga ishonmagani»ni aytdi. «Saylov natijalari yuzasidan bunday tortishuv bizning mamlakat emas, banan respublikasiga (Banan respublikasi — siyosiy beqarorlik bilan birga cheklangan qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishiga bog‘liqlik hukm surgan Lotin Amerikasi mamlakatlarini tavsiflash uchun qo‘llanilgan atama) xos», — deyiladi uning bayonotida. «Meni ba’zi siyosiy yetakchilar saylovdan keyin o‘zini qanchalik telbalarcha tutishi, shuningdek, bugun bizning institutlarimiz, an’analarimiz va huquq-tartibot organlarimizga nisbatan namoyon qilingan hurmatsizlik larzaga keltirdi», — deya qo‘shib qo‘ydi u.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Vashingtondagi prezident saylovi natijalariga qarshi noroziliklarni qoraladi. «AQSH doim butun dunyodagi demokratiya tarafdori bo‘lgan, shuning uchun bu mamlakatda hokimiyatning topshirilishi tinch va qonuniy yo‘l bilan kechishi juda muhimdir», — dedi Jonson. U norozilik aksiyalarini «sharmandalik sahnalari» deb atadi.

6 yanvar kuni Donald Trampning tarafdorlari soqchilar zanjirini yorib o‘tib, Vashingtondagi AQSH Kongressi binosiga bostirib kirdi. Ular prezident saylovlari natijalarini tasdiqlashga bag‘ishlangan kongress majlisini to‘xtatib qo‘ydi. Kongressmenlarning bir qismi Kapitoliydan evakuatsiya qilindi. Vashingtonda komendantlik soati e’lon qilindi, tartibni saqlash uchun AQSH poytaxtiga Milliy gvardiya kuchlari kiritilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Obama Kapitoliyga qilingan hujumni Amerika uchun «buyuk sharmandalik» deb atadi