11:05 / 17.01.2021
2 134

Qirg‘izistondagi prezident saylovining rasmiy natijalari e’lon qilindi

Qirg‘izistondagi prezident saylovining rasmiy natijalari e’lon qilindi
Foto: «RIA Novosti»
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining 100 foiz byulletenlarini hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, saylovlarda Sadir Japarov 79,23 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘ldi. Bu haqda «Interfaks» xabar qildi.

Muxolifat nomzodi Adaxan Madumarov 6,79 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. 2,35 foiz bilan uchinchi o‘rinni tadbirkor Bobur To‘lboyev egalladi.

Saylovlarda saylovchilarning umumiy faolligi 39,34 foizni tashkil etdi.

1 foiz va undan ko‘proq ovoz olgan nomzodlar orasida sobiq jurnalist Arstanbek Miktibek (1,69 foiz), respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Abdil Segizbayev (1,45 foiz), tadbirkor Imomidin Tashov (1,18 foiz) hamda «Islohot» muxolifat siyosiy partiyasi rahbari Klara Sooronqulova (1 foiz) bor.

Qolgan 10 nomzod 1 foizdan ham kam ovoz olgan. Saylovchilarning 1,34 foizi «hammaga qarshi» ovoz bergan.

Komissiya matbuot xizmatining «Interfaks»ga xabar berishicha, Markaziy saylov komissiyasi ovoz berishning rasmiy natijalarini 24 yanvargacha e’lon qilishi kerak, shundan so‘ng yangi davlat rahbarining inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tadi. Natijalardan norozi bo‘lgan nomzodlar saylov kunidan keyingi 14 kun ichida e’tiroz bildirishi mumkin.

Mamlakat rahbarining muddatidan oldin saylovlari bilan birgalikda Qirg‘izistonda boshqaruv shakli bo‘yicha referendum o‘tkazildi. 100 foiz byulletenlarni qo‘lda hisoblash natijasida saylovchilarning 84,11 foizi prezidentlik boshqaruv shakli uchun ovoz bergan, 11,27 foiz saylovchilar parlamentar respublikasini tanlagan, 4,62 foiz ​​saylovchilar «hammasiga qarshi» ovoz bergan.

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistondagi prezident saylovi muddatidan avval o‘tkazildi — bu saylovning o‘tkazilishi 2020 yil oktabrida, parlament saylovlaridagi ehtimoliy qoidabuzarliklar sabab boshlangan tartibsizliklar tufayli avvalgi davlat rahbari So‘ronboy Jeenbekov iste’fo bergach e’lon qilingan edi.

Sadir Japarov oktabrdagi to‘polonlarga qadar tartibsizliklar keltirib chiqarishda ayblanib, 10 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan edi. Namoyishchilar bosimi ostida u qamoqdan ozod qilindi, ertasiga esa parlament tomonidan bosh vazir etib tayinlandi. Jeenbekovning iste’fosidan keyin esa u prezident vazifasini bajaruvchiga aylangan edi. U saylovlarda qatnashish uchun mamlakat rahbari vazifasini bajaruvchi vakolatlarini 15 noyabr kuni topshirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘izistondagi prezident saylovining rasmiy natijalari e’lon qilindi