21:23 / 08.02.2021
2 325

Olimlar iqlim o‘zgarishi va COVID-19 kelib chiqishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi

Olimlar iqlim o‘zgarishi va COVID-19 kelib chiqishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi
Foto: Getty Images
Kembrij universiteti, Potsdam iqlim o‘zgarishini o‘rganish instituti va Gavai universiteti olimlari Xitoy janubidagi iqlimning o‘zgarishi va COVID-19 pandemiyasini keltirib chiqargan SARS-CoV-2 virusi paydo bo‘lishi o‘rtasida bog‘liqlikni aniqladi. Bu haqda Kembrij universiteti bergan ma’lumotlarga tayanib «Interfaks» xabar berdi.

«Tadqiqot davomida o‘tgan asr davomida Xitoyning janubiy Yunnan provinsiyasi hamda Myanma va Laos atrofidagi hududlarda o‘suvchi o‘simliklarda katta o‘zgarish yuz bergani aniqlandi. Iqlim o‘zgarishi, xususan, havo haroratining ko‘tarilishi, quyosh nuri va atmosferadagi karbonat angidridning o‘simlik va daraxtlarga ta’siri natijasida tropik butalar o‘z tabiiy o‘rnini tropik savannalar va yaproqlari mavsumiy bo‘lgan o‘rmonlarga o‘zgartirgan. Natijada, asosan, o‘rmonda yashovchi ko‘rshapalaklarning aksariyat turlari uchun munosib yashash muhiti paydo bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan asrda Xitoyning janubiy Yunnan provinsiyasiga yana 40 turdagi ko‘rshapalak va ular orqali yuzga yaqin koronavirus turi ko‘chib kelgan.

Tadqiqotchilar bir asr avvalgi harorat, yog‘ingarchilik va bulutlarga oid qaydlardan foydalangan holda dunyo o‘simliklari xaritasini tuzdi. So‘ng ular 1900 yillar boshidagi har bir turning global tarqalishi uchun xizmat qilgan ko‘rshapalaklarning «sevimli» o‘simliklari haqidagi ma’lumotlardan foydalandi.

Olimlarning fikricha, ko‘rshapalaklarning bir joydan boshqa joyga ko‘chishi hayvonlar va virus o‘rtasida o‘zaro yangi aloqa keltirib chiqaradi, natijada yanada zararliroq viruslar tarqaladi yoki rivojlanadi.

Dunyodagi jami ko‘rshapalaklar taxminan 3 ming xildagi koronavirus uchun «ombor» bo‘lib xizmat qiladi, ushbu hayvonlarning har bir turida o‘rtacha 2,7 turdagi koronavirus mavjud — ularning aksariyati simptomsiz.

Iqlim o‘zgarishi natijasida ma’lum bir mintaqada ko‘rshapalak turlari sonining ko‘payishi o‘sha yerda zararli koronavirusning paydo bo‘lish, yoyilish yoki rivojlanish ehtimolini oshirishi mumkin.

Ko‘rshapalaklar tashiydigan koronaviruslarning aksariyati odamga yuqmaydi. Ammo ko‘rshapalakdan odamlarga bir nechta turdagi koronavirus, jumladan, o‘limga olib keladigan uchta: Yaqin Sharq respirator sindromi hamda og‘ir o‘tkir respirator sindromlari SARS-CoV-1 va SARS-CoV-2 yuqishi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan ko‘rshapalaklarga boy hududlarda, shuningdek, SARS-CoV-2 uchun oraliq xost bo‘lib xizmat qilgan sutemizuvchi pangolinlar ham yashaydi.

Bundan tashqari, tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan asrda iqlim o‘zgarishi Markaziy Afrika atrofidagi mintaqalar hamda Markaziy va Janubiy Amerikadagi tarqoq joylarda ko‘rshapalak turlarining ko‘payishiga olib kelgan.

Avvalroq JSST mutaxassisi Uxan shahrida COVID-19 kelib chiqishiga oid muhim dalillar topilganini ma’lum qilgandi. Uning fikricha, virus tarqalishida mahalliy oziq-ovqat bozorining roli mavjud.

Undan avval Uxanga tashrif buyurgan JSST ekspertlaridan biri Vladimir Dedkov koronavirusning Uxandagi laboratoriyadan sizib chiqqanini tasavvur qilish qiyinligini aytgandi. Dedkov, shuningdek, Uxan shahridagi dengiz mahsulotlari bozorida koronavirus infeksiyasining paydo bo‘lishi uchun barcha sharoitlar mavjudligini ta’kidlagan, chunki u sanitariya qoidalari nuqtai nazaridan talablarga umuman javob bermaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar iqlim o‘zgarishi va COVID-19 kelib chiqishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi