2 160
AQSH afg‘onistonlik qochqinlarga yordam berish uchun 500 mln dollargacha mablag‘ ajratadi

Foto: Getty Images
AQSH prezidenti Jo Bayden afg‘onistonlik qochqinlarga yordam berish uchun 500 million dollargacha mablag‘ ajratishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy saytida e’lon qilingan memorandumda aytilgan.
«500 million dollardan ortiq bo‘lmagan miqdorda yordam ko‘rsatish milliy manfaatlar uchun muhim», — deyiladi memorandumda.
Hujjatda, shuningdek, mablag‘ Afg‘onistondagi vaziyat natijasida xavf ostida qolgan «qochqinlar, ziddiyat qurbonlari va boshqalarning favqulodda ehtiyojlarini qondirishga» yo‘naltirilishi kerakligi aytilgan.
Hujjatda aytilishicha, shu xildagi yordam ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama, jumladan, xalqaro tashkilotlarga pul ajratish va boshqa nodavlat tashkilotlarini, shuningdek, AQSH departamentlari va agentliklarini moliyalashtirish orqali ko‘rsatilishi mumkin.
Avvalroq Bayden Afg‘onistondagi vaziyat haqida bayonot bergan edi. AQSH prezidenti qo‘shinlarni olib chiqish qaroridan afsuslanmasligini ta’kidlab, mamlakatdagi vaziyat kutilganidan ham tez rivojlanayotganini qo‘shimcha qildi.
Bayden, agar «Tolibon» amerikaliklarga hujum qilsa, AQSHning yashin tezligidagi javobini va’da qildi, shuningdek, Afg‘oniston xalqini, ularning o‘z huquqlarini himoya qilishini qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.
Yevropa Parlamenti AQSHning Afg‘onistondan chiqib ketishini shoshma-shosharlik deb atagan va undan keyingi voqealardan chuqur xavotir bildirgandi. Shu bilan birga, yevropalik deputatlar vaziyatning gumanitar jihatlariga alohida e’tibor qaratib, chet elliklarning, shuningdek, mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan afg‘onlarning xavfsiz chiqib ketishiga yordam berish zarurligini aytgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar