20:15 / 28.08.2021
3 398

AQSH razvedkasining koronavirus kelib chiqishi haqidagi hisoboti e’lon qilindi

AQSH razvedkasining koronavirus kelib chiqishi haqidagi hisoboti e’lon qilindi
Foto: Yandex
Amerika razvedka hamjamiyati COVID-19 ning kelib chiqishi haqida yagona xulosaga kela olmadi. Razvedka hisobotining ommaga e’lon qilingan versiyasi shundan dalolat bermoqda.

AQSH razvedka hamjamiyatining xulosasiga ko‘ra, aftidan, koronavirus biologik qurol sifatida yaratilmagan, Xitoy hukumati virus 2019 yilning oxirida Uxanda avj olishidan oldin u haqida bilmagan.

Shu bilan birga, koronavirus kelib chiqishining ikkala asosiy versiyasi — uning odamga hayvondan yuqqani va Uxan virusologiya instituti laboratoriyasidan sizib chiqqani — taxminlar orasidan hali chiqarib tashlanmagan.

Agentliklarning aksariyati «past ishonch bilan» ta’kidlashicha, koronavirus «genetik jihatdan o‘zgartirilmagan bo‘lishi mumkin», ammo boshqa ikki agentlik bunday xulosalar chiqarish uchun yetarli ma’lumot yo‘qligini aytmoqda.

Hujjatda aytilishicha, Amerika razvedka hamjamiyati koronavirusning kelib chiqishi borasida «ikki taraf» bo‘lib qolmoqda. Biroq barcha agentliklar infeksiyalangan hayvon bilan beixtiyor aloqa va virusning laboratoriyadan sizib chiqishi haqidagi nazariyalar ishonchli ekaniga qo‘shiladi.

Xulosa sifatida hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, koronavirus kelib chiqishining aniq manbasini topish uchun Xitoydan hamkorlik talab etiladi.

Hisobot e’lon qilinganidan so‘ng AQSH prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar infeksiya manbasini qidirishda davom etishini ma’lum qildi.

«Biz butun dunyo bo‘ylab juda ko‘p og‘riq va o‘limga sabab bo‘lgan ushbu epidemiyaning kelib chiqishini aniqlash uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz, aniqlash orqali biz bunday hodisalar takrorlanmasligi uchun barcha ehtiyot choralarini ko‘rishimiz mumkin», — dedi Bayden.

Uning ta’kidlashicha, Xitoyda virus manbai haqida asosiy ma’lumotlar bor, lekin Pekin haliyam COVID-19 kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlarni yashirmoqda va pandemiya qurbonlari sonining ko‘payishi fonida xalqaro tekshiruvga to‘sqinlik qilmoqda.

«Pandemiya endigina boshlangan paytda bizga Xitoy qo‘lidagi ushbu ma’lumotlar zarur edi. Dunyo javoblarga muhtoj va men ularni qabul qilmaguncha tin olmayman. Pandemiya davlatlar orasida chegara bilmaydi. Kelgusi pandemiyaning oldini olish maqsadida hammamiz COVID-19 qanday paydo bo‘lganini tushunishimiz kerak», — deyiladi Baydenning bayonotida.

Baydenning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy zarur ma’lumotlarni taqdim etishi va COVID-19 ni keltirib chiqargan sabablarni aniqlashda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yordam berishi uchun AQSH o‘z ittifoqchilari bilan unga bosim o‘tkazishda davom etadi.

«Biz Xitoy ilmiy me’yorlar va standartlarni, xususan, pandemiyaning dastlabki kunlaridagi ma’lumotlar va axborot almashinuvini, shuningdek, bioxavfsizlik bilan bog‘liq protokollarni qabul qilishi uchun unga bosim o‘tkazishda davom etamiz. Biz ushbu jahon fojiasini to‘liq va aniq baholashimiz kerak», — dedi Bayden.

25 avgust kuni AQSH razvedkasi Baydenga koronavirus kelib chiqishi to‘g‘risidagi hisobotni topshirgandi. The Washington Post manbalaridan birining aytishicha, razvedka xizmati «bu masalani hal qilish uchun yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lmagan», virusning kelib chiqishini birinchi navbatda razvedka xodimlari emas, balki olimlar aniqlashi kerak.

Bayden may oyining oxirida AQSH razvedka hamjamiyati COVID-19 qanday tarqala boshlagani to‘g‘risida yetarlicha aniq ma’lumotga ega emasligini aytgan. U razvedka xizmatlariga 90 kun ichida barcha mavjud ma’lumotlarni o‘rganish va unga yangi hisobot tayyorlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirishni buyurgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH razvedkasining koronavirus kelib chiqishi haqidagi hisoboti e’lon qilindi