
Foto: TASS/Zuma/Sayed Mominzadah
«Tolibon» harakatiga odamlar oldidagi majburiyatlarini bajarish qiyin bo‘ladi. Mamlakatda mahsulotlar narxi oshib bormoqda, ayrimlari esa peshtaxtalardan butunlay g‘oyib bo‘ldi, dedi Rossiyaning Kobuldagi elchisi Dmitriy Jirnov.
«Narxlar ko‘tarilmoqda, ayrim mahsulotlar g‘oyib bo‘ldi. Bugun Kobulda shakar g‘oyib bo‘lganini aytishdi. Milliy valyuta qadri tushib ketdi. Toliblarga ijtimoiy majburiyatlarni bajarish qiyin bo‘ladi, chunki pul kamaydi», — dedi diplomat.
Jirnovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Afg‘onistondagi iqtisodiy holat asosiy muammo bo‘lib turibdi. Uning aytishicha, Ashraf G‘ani hukumati davrida mamlakat budjetining to‘rtdan uch qismi «G‘arb donorligi» hisobiga shakllangan. Endilikda esa moliyaviy yordam to‘xtagan, Afg‘onistonning AQSH banklarida saqlanayotgan oltin-valyuta zaxiralari muzlatilgan.
Elchi mamlakatga iqtisodiy bosim o‘tkazilishi Afg‘onistondan migrantlar oqimi oshishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytdi.
«Agar G‘arb Afg‘onistonga iqtisodiy zarba beradigan bo‘lsa, buning migratsion oqibatlari yanada yomon bo‘ladi», — dedi Jirnov.
Avvalroq Reuters agentligi xorijiy moliyaviy yordamning to‘xtatilishi, valyuta hisoblarining muzlatilishi ortidan Afg‘onistonda naqd pul yetishmasligi tufayli oziq-ovqat mahsulotlari va yonilg‘i narxi kun sayin oshayotgani haqida xabar qilgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar