07:00 / 06.10.2021
1 633

Gruziyada hibsda saqlanayotgan Saakashvili o‘zini «Putinning shaxsiy asiri» deb atadi

Gruziyada hibsda saqlanayotgan Saakashvili o‘zini «Putinning shaxsiy asiri» deb atadi
Foto: Reuters
Gruziyada hibsda saqlanayotgan mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining Facebook sahifasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga atab uch tilda yozilgan post paydo bo‘ldi. Unda Saakashvili o‘zini Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «shaxsiy asiri» deb atagan, hibsga olinishini esa qonunga xilof deb hisoblagan. Shuningdek, u Zelenskiyga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan, deb yozadi «Kommersant’».

Gruziya sobiq prezidenti o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar soxta ekanini va «dunyoda Rossiyadan boshqa hech kim ularni tan olmasligini» yozgan. Shuningdek, Saakashvili Ukrainani ikkinchi vatani deb atagan hamda «mamlakatda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlar va islohotlarga o‘z kamtarona hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘lganidan faxrlanishini» qayd etgan.

«Hurmatli Vladimir Aleksandrovich (Zelenskiy), sizning gaplaringizdan, Gruziyada noqonuniy qo‘lga olinishim va qamoqqa tashlanishimga nisbatan haqiqiy yuqori martabali davlat arbobining bergan javobidan qattiq ta’sirlandim. Men o‘z Gruziyamni jonimdan ortiq sevaman, lekin Ukrainani ham juda yaxshi ko‘raman, chunki u ikkinchi vatanim. U yerda men ko‘p yillar umr kechirganman, u yerda men uchun juda qadrli bo‘lgan oilam, do‘stlarim va fuqaroligim bor. Men aslini olib qaraganda Putinning shaxsiy asiri bo‘lganim uchun sizning Ukrainani, butun mintaqani va imperiya asirlarini himoya qilish borasidagi prinsipial pozitsiyangizni yuksak qadrlayman» — deyiladi maktubda.

Saakashvili 1 oktabr kuni Tbilisida hibsga olingandi. U hozir Rustavi shahridagi qamoqxonada. Ilgari Gruziyada unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha 2018 yilda sud hukmi ham o‘qilgan. Saakashvili kelganidan so‘ng, Gruziya Ichki ishlar vazirligi unga qarshi chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha yana bir jinoiy ish ochgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gruziyada hibsda saqlanayotgan Saakashvili o‘zini «Putinning shaxsiy asiri» deb atadi