15:51 / 12.10.2021
1 625

Havaskor detektivlar seriyali qotil Zodiakning shaxsini fosh qildi

Havaskor detektivlar seriyali qotil Zodiakning shaxsini fosh qildi
Foto: Antonio Perez/Chicago Tribune/MC​T/Sipa/Vida Press
Amerikada eski jinoyat ishlarini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi The Case Breakers havaskor detektivlar guruhi Zodiak laqabi bilan mashhur bo‘lgan seriyali qotilning shaxsini aniqlaganini ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

U 1968—1969 yillarda Kaliforniyada ketma-ket hujumlarni amalga oshirgan, oqibatda besh kishi qurbon bo‘lib, yana ikki kishi jabrlangan edi. Zodiak politsiya va gazetalarga shifrlangan maktublar yuborgani ortidan tanilgan, ularning bir qismini hozirgacha ham o‘qishga muvaffaq bo‘lishmagan. Zodiak amalga oshirgan qotilliklar ham fosh etilmaganicha qolmoqda.

Zodiak ishi bo‘yicha shuncha yillardan buyon olib borilgan surishtiruv mobaynida unda birorta ham ayblanuvchi paydo bo‘lgani yo‘q. Norasidalarning nomusiga tajovuz qilish ayblovi bilan sudlangan kaliforniyalik Artur Allen uzoq vaqtlargacha asosiy gumonlanuvchi bo‘lib kelgan. Politsiya Allenning uyini bir necha marta tintuv qilib, unga qarshi ancha-muncha bilvosita dalillarni yig‘di, ammo ayblov e’lon qilish uchun ular yetarli emasdi. 1992 yilda Zodiakning hujumidan keyin omon qolganlardan biri Maykl Mago Allenni o‘sha jinoyatchi deb taniganidan keyin ikki oy o‘tib, u yurak xurujidan vafot etdi.

Zodiak yo‘llagan xatlarda to‘rtta shifrdan foydalanilgan. Ulardan birini 1969 yildayoq amerikalik er-xotin o‘qishga muvaffaq bo‘lgan. Ikkinchisi 2020 yilda amerikalik va belgiyalik dasturchilar Devid Oranchak va Yarl Van Eyke hamda avstraliyalik matematik Sem Bleyk tomonidan birgalikda yechildi. Zodiakning yana ikkita maktubi shifrdan chiqarilmagan holatda turibdi, ulardan birida jinoyatchi o‘z ismini ham shifrlab yozgan, deb hisoblaniladi. Ularning ikkalasi ham juda qisqa bo‘lib, ularning yechimi minglab turli iboralardan iborat bo‘lishi mumkin.

Zodiak ommaviy madaniyat qahramonlaridan biriga aylandi, u haqda qo‘shiqlar aytildi, kitoblar yozildi, filmlar suratga olindi. Manyak haqidagi eng mashhur kartinalardan biri — 2007 yilda Devid Fincher tomonidan ishlangan «Zodiak» detektiv filmi.

The Case Breakers guruhi 2011 yilda los-anjeleslik hujjatli filmlar yaratuvchilari — er-xotin Tomas va Dafna Kolbert tomonidan tuzilgan. Ular 1990 yillarda ularning ikkalasi ham o‘zlariga aloqador bo‘lgan jinoyatlarni o‘zlaricha o‘rganayotgan paytda tanishgan. Kolbertlar shu sohada qolib, o‘z atrofiga armiya, maxsus xizmatlar, politsiya, sudlar, sud-tibbiy ekspertiza va xususiy qidiruvda ishlab tajriba orttirgan maslakdoshlarini to‘pladi. Hozir The Case Breakers guruhi, o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, 40 dan ortiq ko‘ngillidan iborat bo‘lib, ular eski jinoyat ishlarini surishtirish bilan shug‘ullanadi.

Havaskor detektivlar fikricha, Zodiak bundan uch yil avval o‘lib ketgan kaliforniyalik bo‘yoqchi bo‘lgan
The Case Breakers talqiniga ko‘ra, Zodiak laqabi bilan mashhur bo‘lgan manyak Geri Frensis Post bo‘lgan, u kaliforniyalik AQSH Harbiy havo kuchlari faxriysi bo‘lib, bir umr bo‘yoqchi bo‘lib ishlagan va 2018 yilda ajali yetib o‘lgan. Surishtiruv ishtirokchilarining ma’lum qilishicha, Postning peshonasida xuddi Zodiakning fotorobotidagi kabi qashqalar bo‘lgan (ular avtohalokat natijasida qolgan). Bundan tashqari, uning ismi Zodiakning hali o‘qilmagan shifrlaridan biri uchun kalit bo‘lib xizmat qiladi. Va nihoyat The Case Breakers ma’lum qilishicha, Postni tanigan odamlarning ba’zilari u Zodiak bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirgan.

Zodiakning fotoroboti va Geri Postning fotosurati
The Case Breakers da’vo qilishicha, ular topgan odamlarning 20 nafari bergan guvohliklar Postning Zodiak bilan aloqasini u yoki bu tarzda tasdiqlay oladi. Ular orasidan olti nafariga Post o‘zining Zodiakligini aytgan. Yana bir necha kishi, shu jumladan, Postning sobiq kelinining aytib berishicha, u yoshlardan iborat kichik to‘da tuzib olgan, ular Postni ota timsolida ko‘rgan. Shuningdek, u quroldan foydalanishni bilgan, hayvonlarni o‘ldirgan, xotiniga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan.

The Case Breakers Postning Gvenni ismli sobiq qo‘shnisi bilan ham suhbatlashgan, u bolaligida er-xotin (Post va xotini) bilan ko‘p vaqt o‘tkazgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayol hozir qariyalar uyida yashaydi, yaqinda u bilan telefon orqali gaplashganida esa politsiyachilarga Postning o‘tmishi haqida gapirib bermaganidan afsusda ekanini aytgan. U nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritilmagan.

Postning sobiq kelini Mishel Uinn The San Francisco Chronicle (Zodiak ushbu nashrga ham maktub yuborgan) gazetasiga bergan intervyusida uning sobiq qaynotasi xuddi o‘sha seriyali qotil ekaniga ishonch bildirdi. «Men u bilan yonma-yon yashaganman, uning xulq-atvorini bilganman, uning sirliligi va uddaburonligidan xabarim bor… Mening ichki tuyg‘um kuchli, odamlarni o‘qiy olaman», — dedi u.

Surishtiruv ishtirokchilari Zodiakning yana bir qotillikka aloqadorligini ma’lum qildi. Politsiya ularning versiyasini tekshirishdan bosh tortdi
Havaskor detektivlar Post Zodiakning qilmishi deb hisoblanilgan yana bir jinoyatga aloqadorligini isbotlaganini qat’iy turib da’vo qilmoqda. Bu Kaliforniyaning Riversayd shahridan bo‘lgan 18 yoshli talaba qizning o‘ldirilishi bilan bog‘liq. 1966 yilda — Zodiakning birinchi mashhur qotilligidan ikki yil avval — u o‘zi o‘qiydigan kollej hovlisidan pichoqda berilgan ko‘plab jarohatlar bilan topilgan.

The Case Breakers talqiniga ko‘ra, Postni Beytsning o‘ldirib ketilishi bilan kamida to‘rtta fakt bog‘lab turadi. Birinchidan, u Harbiy havo kuchlari bazasidagi gospitalda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, u esa qiz o‘ldirilgan joydan 15 daqiqa uzoqlikda joylashgan. Ikkinchidan, jinoyat joyidan bo‘yoq sachragan erkaklar qo‘l soati topilgan (Post ushbu qotillikdan uch yil avval bo‘yoqchi bo‘lib ishga kirgan).

Uchinchidan, jinoyat joyidan taxminiy qotilning soatidan tashqari, erkaklar harbiy oyoq kiyimi poshnasining izi ham topilgan. Uning o‘lchami Postning oyoq kiyimi o‘lchamiga mos keladi, ustiga-ustak, shunga o‘xshash izlar Zodiak sodir etgan uchta qotillik joyida ham aniqlangan. Nihoyat The Case Breakers qayd etishicha, qurbonning mushti orasida qotilning bir necha tola qora sochlari qolgan, Post esa qora sochli bo‘lgan.

The Case Breakers a’zolari o‘z topilmalarini Riversayd politsiyasi bilan bo‘lishganini ma’lum qildi. Ammo Zodiakni Cheri Beytsning qotili deb hisoblamaydigan politsiya Postning DNKsini qotilniki bilan taqqoslash uchun tahlil o‘tkazishdan bosh tortdi. «Bunga atigi bir necha daqiqa ketadi. Politsiyaning keyingi rahbari yuragi dov berib bu ishga kirishishiga umid qilishdan boshqa choramiz yo‘q», — dedi Kolbert.

U va guruhning boshqa ishtirokchilari fikricha, Zodiak kamida o‘n kishini o‘ldirgan. Manyakning o‘zi qurbonlari soni 37 ta ekanini da’vo qilgan.

FQB va politsiya Zodiakning shaxsi haqidagi yangi versiya yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi. Ular bu versiyani ishonchli deb hisoblamaydi
Huquq-tartibot organlari The Case Breakers’ning xulosalariga sovuqqonlik bilan qaradi. Politsiya va FQB (Federal qidiruv byurosi) rasmiy bayonotida ularni izohlay olmasligini, chunki Zodiak bo‘yicha ish hali yopilmaganini aytdi. «Ayni paytda bizda bo‘lishish mumkin bo‘lgan yangi ma’lumot yo‘q», — deyiladi FQB xabarida. The San Francisco Chronicle nashrining har ikkala idoradagi manbalari esa The Case Breakers to‘plagan dalillar ishonchli bo‘lib ko‘rinmayotganini ma’lum qildi.

«Ko‘rsatilayotgan odam Cheri Jo Beytsni o‘ldirgan bo‘lishi ehtimoli bormi? Yo‘q. Agar siz ular keltirgan ma’lumotlarni o‘qib ko‘rsangiz, bularning bari bilvosita dalillar ekanini ko‘rasiz. Bu unchalik ko‘p narsa emas», — dedi Riversayd politsiyasi rasmiy vakili Rayn Reylsbek.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir oy avval Riversayd politsiyasi Cheri Jo Beytsning qotilini tutishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 ming dollar va’da qilgan. Shundan keyin The Case Breakers ular bilan aloqaga chiqqan, ammo Reylsbek qo‘shimcha savollar berishni boshlaganida ularning muloqoti uzilib qolgan.

The Chronicle qayd etishicha, politsiya va OAVga har yili qarindoshlari yoki tanishlari tomonidan Zodiak deb gumon qilinuvchi odamlar haqida yuzlab xabarlar kelib tushadi. Geri Post ham shundaylar orasida bo‘lgan. Olti yil burun oilasi a’zolaridan biri u haqda The Chronicle’ga xabar bergan, biroq o‘shanda politsiya u va manyak boshqa-boshqa odamlar ekanini ma’lum qilgan.

The Case Breakers’ning xulosalari to‘g‘riligiga Devid Oranchak ham ishonch bildirmadi, u virjiniyalik dasturchi bo‘lib, 2020 yil dekabrida Zodiakning shifrlaridan birini o‘qishga muvaffaq bo‘lgan havaskor shifrchilar guruhiga rahbarlik qilgan. Postning ismi qotilning maktublariga kalit bo‘lib xizmat qilishiga Oranchak Shubha bildirdi. Uning aytishicha, The Case Breakers anagramma (harflarning o‘rin almashinuvidan boshqa so‘z yasalishi)larni talqin qilgan, bu texnika esa shifrdan chiqarishning ko‘plab variantlarini olish imkonini beradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham seriyali qotilning shaxsi haqidagi yangi versiya unchalik ishonchli emas, degan fikrni bildirishdi va uni ermak qila boshlashdi. Chunonchi, Postga o‘xshagani uchun aktyor Maykl Jey Foksni, ismi o‘xshash bo‘lgani uchun «Gubka Bob» multserialidagi shilliqqurt Gerini hamda shunday mem bo‘lgani uchun senator Ted Kruzni Zodiak deb atashdi. Devid Fincherning filmida detektiv rolini o‘ynagan aktyor Mark Ruffalo «Men avval ham bunday vaziyatga duch kelganman», — deya yangi versiyaga izoh berdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Havaskor detektivlar seriyali qotil Zodiakning shaxsini fosh qildi