1 336
Gruziyada saylov: muxolifat total mag‘lubiyatni tan olmay, «ayovsiz kurash» va’da qilmoqda
Foto: AFP
30 oktabr kuni Gruziyada mahalliy merlik lavozimi uchun saylovlar o‘tkazildi. Markaziy saylov komissiyasining boshlang‘ich hisob-kitoblariga ko‘ra, 20 ta munitsipalitetdan faqat bittasida muxolifat vakili g‘olib bo‘lgan. Qolgan barcha hududlarda «Gruziya orzusi» hukmron partiyasi yetakchilik qilmoqda. Muxolifat esa bu natijalarni tan olmay, «o‘g‘irlangan g‘alaba» uchun «ayovsiz kurash bo‘lishini» va’da qilgan.
Birinchi turda nomzodlardan birortasi saylovchilarning yarmidan ko‘p ovoziga ega bo‘lmagan hududlarga ikkinchi tur saylovlari o‘tkazildi. Kurash asosan hukmron «Gruziya orzusi» va asosiy muxolifat «Yagona milliy harakat» o‘rtasida kechdi. 44 hududda esa 2012 yildan buyon hukumatni boshqarayotgan «Gruziya orzusi» partiyasi vakillari birinchi turdayoq g‘alabani tantana qilgan.
MSK ma’lumotiga ko‘ra ikkinchi turda milliondan ortiq odam ovoz bergan. Bu esa saylovchilarning yarmi degani. Saylovlar muxolifatga qarshi yov kayfiyatda o‘tgani aytilmoqda. «Yagona milliy harakat» asoschisi Mixail Saakashvili aynan saylov arafasida mamlakatga qaytgan edi. 8 yillik tanaffusdan keyin vataniga qaytgan Gruziya sobiq prezidenti ushlaniboq qamoqqa olingandi. Saakashvili 1 oktabr kuni qo‘lga olingan va o‘shandan buyon ochlik e’lon qilgan. U o‘ziga tibbiy yordam ko‘rsatishlarini ham rad etib kelmoqda.
Yagona istisno
Gruziya poytaxti Tbilisidagi saylovlar doimgidek diqqat markazida bo‘ldi. Poytaxtdagi ikkinchi turda yarim millionga yaqin odam ovoz berdi. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, ikkinchi turda amaldagi poytaxt meri, sobiq futbolchi Kaxa Kaladze g‘alaba qozongan. Sobiq «Milan» himoyachisi bo‘lgan Kaladze hukmron partiya vakili hisoblanadi va u 56 foiz ovoz to‘plagani aytildi. Uning raqobatchisi muxolifat vakili Nika Meliya esa 44 foiz ovoz olgani aytildi.
Foto: Getty Images
Hukmron partiya markazga bo‘ysunuvchi Rustavi, Kutaisi, Poti va Batumida ham g‘alaba qozongan. Gruziya g‘arbidagi Salenjixadagina vaziyat boshqacha. Bu yerda muxolif «Yagona milliy harakat» vakili Georgiy Xarchilava hukmron partiya nomzodi Goga Gulerdavani ikki foizga ortda qoldirgan.
Tbilisi merligiga nomzod Nika Meliya saylovlarda muxolifatning «ovozlari o‘g‘irlanganini» aytdi.
Foto: Getty Images
«Gruziya orzusi» hukmron partiyasi saylovlardagi ishonchli g‘alabasi haqida e’lon qildi. Partiya yetakchisi Irakliy Kobaxidze muxolifat saylovlarni referendum deb ataganini eslatdi. O‘shanda muxolifat Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda imzolangan kelishuvga asoslangan edi. Unga ko‘ra hukmron partiya ovoz berish jarayonida 43 foizdan kam ovoz olsa, keyingi yil muddatidan avval parlament saylovlari belgilanishi keltirilgan.
«Ular referendum deb aytishdi, lekin biz 47 foiz ovoz olgan edik. Keyin ikkinchi turda ham referendum haqida gapirishdi, lekin biz 55 foiz atrofida ovoz oldik. Agar bu referendum bo‘lsa, ular birinchi turda ham, ikkinchi turda ham mag‘lub bo‘lishdi», dedi Kobaxidze.
Saylovlarda «Gruziya orzusi» hukmron partiyasi 43 foizlik chegaradan o‘tdi. «Yagona milliy harakat» esa 31 foiz ovoz to‘plab, mamlakatdagi asosiy muxolif statusini saqlab qoldi. Saakashvili asos solgan partiya vakillari birinchi tur saylovlarda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, ikkinchi turda g‘alaba qozonsa, boshqa muxolif partiya vakillariga ham mer o‘rinbosari va boshqa lavozimlarni taklif qilgan.
«Ayovsiz kurash»
Muxolifat saylov natijalarining birlamchi natijalaridan rozi bo‘lmadi. Tbilisi merligi saylovlarida rasman yengilgani aytilayotgan Nika Meliya saylovda muxolifatdan g‘alaba tortib olinganini ma’lum qildi.
«Kimdir bu davlatda Ivanishvili (hukmron partiyasi asoschisi va sobiq rahbari) qo‘ygan shartlar bilan to‘g‘ri saylov o‘tkazish mumkin deb o‘ylasa, alohida bir siyosatchi sifatida shaxsan bunga rozi bo‘lmayman. Chunki u ishonib bo‘ladigan odam emas», degan Meliya MSK dastlabki natijalarni e’lon qilgach. U muxolifatning qandaydir konkret rejalari haqida gapirmadi, lekin «Ayovsiz kurash bo‘ladi, va’da beraman», dedi.
Mahalliy mustaqil kuzatuvchilar saylovlarning ikkinchi turida ko‘plab qoida buzilishlari qayd etilganini ma’lum qilgan. Xususan, ular o‘zining ish jarayoniga qarshilik qilingani, hatto hujumlarga uchragani haqida gapirgan. «Gruziya – xalqaro shaffoflik» tashkiloti kuzatuvchilar tomonidan 250 dan ortiq kichik va jiddiy qoida buzilish holatlari qayd etilganini ma’lum qildi.
«Xalqaro halol saylov va demokratiyani ta’minlash» tashkiloti ikkita holatda saylovchilarni sotib olish holati sodir bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. Tekshiruvchilarning aytishicha, ikkinchi turdagi ovoz berish jarayonlari ertalab tinch o‘tgan, lekin tushdan keyin kuzatuvchilarga jismoniy qarshilik ko‘rsatish holatlari ko‘paygan.
Gruziya ichki ishlar vazirligi sakkizta holatda jurnalistlarni haqorat qilish va ularning faoliyatiga jismonan qarshilik qilish holatlari bo‘yicha o‘rganish boshlanganini ma’lum qildi. Xalqaro tashkilotlar esa Gruziyadagi saylovlarning ikkinchi turi bo‘yicha xulosalarini yakshanba kuni ma’lum qilishini bildirgan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»