20:08 / 11.12.2021
1 993

Prezident Bayden demokratiya sammitida 5 banddan iborat katta dastur e’lon qildi

Prezident Bayden demokratiya sammitida 5 banddan iborat katta dastur e’lon qildi
Foto: Foto: AFP/Getty Images
Joriy yil 9-10 dekabr kunlari AQSH hukumati «Demokratiya uchun sammit» deb atalgan yirik anjuman tashkil etdi. Dunyoning 110 davlat rahbarlari virtual olamda diydorlashib, demokratiya yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan muhim muammolarni muhokama qildilar.

Tashkilotchi va mezbon – AQSH prezidenti Jo Bayden o‘z nutqida dunyo bo‘ylab erkinliklarni himoya qilishga qaratilgan 5 banddan iborat salmoqli rejani e’lon qildi.

Erkin va hur yashash, baxtli hayotga intilish insonlarga Yaratgan in’om etgan daxlsiz haq-huquqlar sanaladi. Ammo dunyo bo‘ylab mazkur huquqlarga daxl qiluvchi tahdidlar oshib borayotir. Prezident Bayden ham ayni shu xavotirli jihatga e’tibor qaratgan.

«Demokratiya tasodif tufayli vujudga kelmaydi. Biz avlodlar almashuvi bilan uni yangilab bormog‘imiz lozim. Bu esa, nazarimda, barchamiz uchun ortga surib bo‘lmaydigan vazifadir. Chunki qo‘limizdagi mavjud ma’lumotlar harakat yanglish yo‘nalishda kechayotganidan dalolat bermoqda», – dedi J.Bayden.

Freedom House, Demokratiya va saylovlarga ko‘mak ko‘rsatish xalqaro instituti tadqiqotlariga qaraganda, demokratiya va inson huquqlari borasida dunyo bo‘ylab yomonlashuv tendensiyasi kuzatilmoqda.

AQSH prezidentiga ko‘ra, avtokratik boshqaruv yo‘lini tanlagan ishboshilar qatag‘on siyosatini yuritib, erkinliklar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lmoqda. Ayni choqda, demokratik hukumatlarning o‘z fuqarolari talab-ehtiyojiga muvofiq siyosat yurita olmayotganini ham rad etib bo‘lmaydi.

Oq uy sohibining ta’kidlashicha, xalq hokimiyati sanalgan demokratiya mustahkam tamal-tamoyillarga ega, ammo u kezi kelganda himoyaga muhtoj bo‘ladi. Dunyo hamjamiyati ham hozirgi sharoitda xalqlarni birlashtiruvchi qadriyatlar himoyasi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarmog‘i lozimdir.

«Biz adolat, qonun ustuvorligi, so‘z erkinligi, yig‘ilish erkinligi, matbuot va e’tiqod erkinligi, umuman, bizning daxlsiz huquqlarimizni muhofaza etmog‘imiz shart», ؘ– dedi AQSH rahbari.

J.Bayden demokratik qadriyatlarni himoya qilish uning asosiy maqsadlaridan bir ekanini ta’kidlab, yaqinda AQSHning gender tengligi, korrupsiyaga qarshi kurash kabi yo‘nalishlarda milliy strategiyalari qabul qilinganini yodga oldi.

AQSH yetakchisi butun dunyoda demokratik yangilanish tashabbusini ilgari surar ekan, erkin va mustaqil OAVni dastaklash, korrupsiyaga qarshi kurash, islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, texnologiyalarni rivojlantirish, erkin va halol saylovlarni himoya qilish maqsadida 424 mln dollar mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Mazkur tashabbus doirasida Mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlash xalqaro jamg‘armasi ta’sis etilishi kutilmoqda. Jamg‘arma dunyo bo‘ylab mushkul vaziyatda qolgan matbuot vakillariga ko‘mak ko‘rsatadi. Bundan tashqari, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi hamda Davlat departamenti xotin-qizlarning siyosiy jarayondagi ishtirokini oshirish bo‘yicha dasturni amalga oshiradi.

Ta’kidlanishicha, insoniyat demokratiya va erkinliklar borasida «yo hayot, yo mamot» davrini boshdan kechirayotir. Kelgusi avlodlar uchun erkin jamiyat qoldirish uchun esa barcha ilg‘or fikrli mamlakatlar bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilmog‘i shart.

«Demokratiya va haq-huquqlarning bir chetga surilishiga tomoshabin bo‘lib turamizmi yoki insoniyatni yana taraqqiyot sari boshlash va erkinliklarni kengaytirish yo‘lida mushtarak sa’y-harakat hamda jasorat ko‘rsata bilamizmi?!» – deya jahon yetakchilarini faollikka chorlagan AQSH prezidenti.

Ikki kun davom etgan anjuman davomida hukumat va davlat rahbarlari, fuqarolik jamiyati vakillari demokratik yangilanish borasida o‘z taklif-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Demokratik uchun sammit» 10 dekabr – BMT Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kunda tashkil etilgani ramziy ma’no kasb etdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Prezident Bayden demokratiya sammitida 5 banddan iborat katta dastur e’lon qildi