Foto: AP
AQSH prezidenti Jo Bayden hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin 30 dekabr kuni kechqurun telefonda muloqot qildi. Bu haqda har ikki prezident axborot xizmatlari xabar bergan. Amerika prezidenti Rossiya agressiyani davom ettiradigan bo‘lsa, jiddiy sanksiyaga uchrashi va Ukrainaga harbiy yordam kuchaytirilishidan ogohlantirgan.
Yanvar oyida AQSH va Yevropadagi ittifoqchilari Rossiyaning NATOni kengaytirmaslik bo‘yicha talablarini muhokama qiladi. Bu Putin va Baydenning ushbu muzokaralar oldidan katta ehtimol oxirgi muloqoti bo‘ldi.
Baydenning matbuot kotibi Jen Psaki suhbat davomida Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirish ehtimoli haqida ta’kidlab gapirganini e’tirof etdi: «Prezident Rossiya Ukrainaga yana bostirib kiradigan bo‘lsa, AQSH va ittifoqchilari munosib javob berishini tushuntirdi». Psakiga ko‘ra, Bayden muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilish kerakligini aytgan. Yanvarda Rossiya – AQSH formatida Jenevada muzokaralar boshlansa, NATO – Rossiya formatida uchrashuvlar YEXHT doirasida o‘tadi. AQSH prezidenti bu muzokaralar faqatgina Rossiya Ukraina chegarasidan qo‘shinlarini olib ketgan taqdirdagina samarali bo‘lishini aytgan.
Oq uyning yuqori mansabli mulozimi shaxs sir qolishi sharti bilan ma’lum qilishicha, Bayden NATOning Putin kengayishini istamayotgan sharqiy qanoti kuchaytirilishi va Ukrainaga harbiy yordam oshirilishi haqida ham gapirgan. Psakining aytishicha, Putin bilan muloqotdan avval Bayden Yevropadagi ittifoqchilar bilan, davlat kotibi Entoni Blinken esa Ukraina rahbariyati bilan gaplashgan.
Moskva nima dedi?
Rossiya prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov ham Bayden o‘zaro muloqotda Putinga sanksiyalar haqida gapirganini tasdiqladi: «Bayden navbatdagi marta sanksiyalar haqida gapirgan. Bu haqda 7 dekabr kungi suhbatda ham aytilgan edi. Bizning prezident esa bu munosabatlar butunlay darz ketishiga olib kelishi mumkn bo‘lgan qadam ekanini aytdi», deb Ushakovning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.
Shuningdek, Putinning yordamchisiga ko‘ra, Bayden hamkasbiga AQSH Ukrainada havo hujumi qurilmalarini joylashtirmoqchi emasligini aniq aytgan. Ammo bu borada suhbatgacha ham hech qanday rasmiy yoki og‘zaki gap aytilmagandi. Ushakovga ko‘ra, Putin muzokaralar shunchaki gurungga aylanib qolmasligi kerakligini aytib, tezda konkret natijalar bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan.
Bayden hamda Putin o‘rtasidagi muloqot belgilanganidan 5 daqiqa keyin, Moskva vaqti bilan 23:35 da boshlanib, 50 daqiqa davom etgan.
Ikkinchi marta ham Moskva tashabbusi bilan suhbat o‘tkazildi
AQSH va Rossiya prezidentlari dekabr oyining o‘zida ikkinchi marta telefonda gaplashdi. Ikkinchi safar ham muloqot Rossiya tomonining tashabbusi bilan amalga oshirildi. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, bu Ukraina atrofidagi voqealar qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Videomuloqot tarzida o‘tgan va 2 soat davom etgan oldingi suhbatda ham Bayden sanksiyalar haqida gapirgan, Putin esa NATO Rossiyaga qarab kengaymasligi borasida kafolat so‘ragan edi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”