Foto: Russian Defense Ministry Press Service/ AFP / Scanpix / LETA
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda ko‘p yillar davomida go‘yoki yechimi yo‘qdek tuyilgan chegara va suv-energetika sohasidagi masalalarning aksariyati ijobiy hal qilindi. Mintaqa mamlakatlari tashqi siyosatida integratsiyani amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida ko‘rila boshlandi va bu borada Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Biroq, Markaziy Osiyoni zaif va qaram hudud sifatida ko‘rishni xohlovchi Kreml rasmiylarining so‘nggi paytlarda sodir bo‘lgan voqealar sabab mintaqa davlatlari, xususan O‘zbekistonni Rossiya ta’sir doirasida bo‘lgan KXSHT va YEOII kabi «nosog‘lom» tashkilotlarga jalb qilishga bo‘lgan urinishlari kuchayib bormoqda.
Dastlab, qo‘shni Afg‘onistonda «Tolibon»ning hokimiyatga kelishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf sabab, ayni paytda esa Qozog‘istondagi ssenariy O‘zbekistonda takrorlanishi mumkinligi iddao qilinib, O‘zbekistonni KXSHT tarkibiga qaytarish bo‘yicha takliflar yangradi. Umuman, «Kollektiv xavfsizlik»ni ta’minlashga da’vo qiluvchi ushbu tashkilot «o‘t o‘chiruvchilik» qobiliyatiga egami?
Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi
2020 yil kuzida ro‘y bergan Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi Qorabog‘ urushida KXSHTga a’zo bo‘lgan Armanistonga yordam uchun «tinchlikparvar kuchlar» yuborilishi mumkin edi, ammo bunday qilinmadi. Bu «harakatsizlik»ka sabab sifatida harbiy harakatlar xalqaro miqyosda Ozarboyjon hududi sifatida tan olingan hududda olib borilayotgani, «Ozarboyjon Armanistonga chetdan tahdid solmayotgani» vaj qilindi.
Nazariy jihatdan, tashkilot shartnomasining 4-moddasida belgilanishicha, a’zolaridan birining xavfsizligi, barqarorligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tahdid soladigan qurolli hujum barcha a’zo davlatlarga nisbatan tajovuz sifatida qabul qilinadi.
Ozarboyjon raketalari Armaniston hududiga tushgani, rossiyaliklarning Mi-24 rusumli harbiy vertolyoti urib tushirilgani kabi holatlar tashkilotning mojaroga aralashishi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi. Ammo Turkiyaning bevosita Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlab turgani Moskvani «ittifoqdoshi»ga yordam berishdan o‘zini tiyishiga olib keldi. Ekspertlar fikricha, Rossiyaning Suriya va Liviyadagi guruhlari taqdiri Turkiya bilan munosabatlarga bog‘liq edi va ularning taqdirini Armanistonga yordam berish uchungina xavf ostida qoldirib bo‘lmasdi. Rossiyaning o‘z manfaatidan kelib chiqib ish ko‘rishi Armaniston jamoatchiligi hafsalasini pir qildi. Tashkilotning barcha a’zolari orasida Armaniston har doim KXSHTga eng katta umid bog‘lab kelgan, chunki u yerda urush xavfi juda yuqori hisoblanadi. Ammo, umidlar o‘zini oqlamadi.
Tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojarolar
So‘nggi yillarda KXSHTga a’zo bo‘lgan ikki davlat: Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida nizoli vaziyatlar tez-tez sodir bo‘lmoqda. Oxirgi keskinlikning Dushanbeda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan kunga to‘g‘ri kelganiga qaramay, qurolli to‘qnashuvga aylanib ketgani ham tashkilotga nisbatan katta ishonchsizlik yuzaga keltiradi. Ayni o‘sha favqulodda vaziyatda, Qirg‘iziston mudofaa vaziri ham, Xavfsizlik Kengashi kotibi ham Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi KXSHT mudofaa vazirlari kengashi majlisida ishtirok etayotgandi. Tashkilot Bosh kotibi Stanislav Zas ikkala tomonni o‘zaro kelishishga chaqirish bilangina cheklandi.
KXSHT nizomiga ko‘ra, uning ikki a’zosi o‘rtasida urush paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
«Nosog‘lom» tashkilot
Ko‘pchilik ekspertlar tashkilotni Rossiya harbiy infratuzilmasini joylashtirishga rozilik beruvchi Markaziy Osiyo davlatlari, Belarus va Armaniston o‘rtasidagi «eksklyuziv klub» sifatida tavsiflaydi. Sababi Rossiyadan boshqa a’zo davlatlarning KXSHTga qo‘shgan hissasi va o‘rni ahamiyatsiz darajada.
Shuningdek, tashkilot doirasida gumanitar sohadagi hamkorlik, ayniqsa, madaniy tadbirlar, ta’lim va demokratik qadriyatlarni ilgari surish bo‘yicha loyihalar deyarli amalga oshirilmaydi. Buning asosiy sababi sifatida KXSHT uchun tinchlikparvarlik imijning mavjud emasligi ko‘rsatiladi.
KXSHT tarkibida terroristik tashkilotlarning yagona ro‘yxatini tuzishga urinish bo‘lgan, ammo bu bir qancha sabablarga ko‘ra imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Xususan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Kurdiston ishchilar partiyasini Turkiya bilan sheriklik manfaatlari nuqtayi nazaridan terroristik tashkilot sifatida tan olishadi. Moskva esa Anqaraga bunday imtiyozlarni berishni xohlamaydi.
Tashkilot uchrashuvlarida «biologik tahlika»ga qarshi kurashish muhokama qilinadi. Ammo bu yerda yana bir muammo yotadi: KXSHTga a’zo ikki mamlakat: Armaniston va Qozog‘istonda Moskvaga tegishli laboratoriyalar mavjud.
O‘zbekiston KXSHTga a’zo bo‘lishga muhtojmi?
Global Firepower tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston 2021 yilda qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonni ortda qoldirib, Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiyaga ega davlat sifatida tan olingan. O‘zbekiston reytingda 140ta mamlakat ichida 51-o‘rinni egallagan.
«O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra, O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarga a’zoligi taqiqlangan va bu konsepsiya hozirda amalda.
Umuman, Harbiy doktrina va Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasiga muvofiq, O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmasligi hamda o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va ob’ektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘ymasligi qonuniy asoslar bilan belgilab qo‘yilgan. Ya’ni KXSHTga o‘xshash tashkilotlarga kirish amaldagi qonunchilikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston qurolli kuchlari mamlakat milliy manfaatlarini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch hayotini himoya qilish, urushlar va qurolli mojarolarni qaytarish va oldini olish bo‘yicha yetarli salohiyatga ega va harbiylashtirilgan tashkilotlarga a’zo bo‘lishi va boshqa mamlakatlar harbiy bazalarini O‘zbekistonga joylashtirish uchun hech qanday ehtiyoj mavjud emas. Zero, KXSHTga o‘xshagan tashkilotlar faqat bir tomonning manfaatlariga xizmat qilishini yuqoridagi misollar ham isbotlaydi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi