Foto: AFP
Germaniya floti qo‘mondoni, vitse-admiral Kay-Ahim Shyonbah Hindistondagi konferensiya chog‘ida Putin hurmat talab etayotgani va bunga munosib ekanini, shuningdek, Qrim hech qachon Ukraina tarkibiga qaytmasligini aytdi, bir kun o‘tib, bu haqda Germaniyadagilar xabar topganida o‘z so‘zlarini xatolik deb atadi va iste’fo berdi.
Mudofaa vaziri Kristin Lambrehtga iste’fo haqida ariza yozgani va bu ariza qabul qilingani haqida vitse-admiral Shyonbah shanba kuni kechqurun flot matbuot xizmati orqali ma’lum qildi.
«Men tomonimdan Hindistonda o‘ylamay bildirilgan bayonot vazirlikka og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda. Men bu qarorni Germaniya floti, bundesver va butun Germaniya Federativ respublikasini men tufayli keladigan zarardan ehtiyot qilish uchun zarur deb bilaman», deya Shyonbahning bayonotidan iqtibos keltiradi nemis matbuoti.
Nemis floti rahbari juma kuni Dehlidagi Mudofaa tadqiqotlari va tahlillari institutidagi konferensiyada qilgan chiqishida Putin va Qrim haqida gapirgandi.
«Aslida u [Putin] uni hurmat qilishlarini istaydi [...] Xudoyim, kimgadir hurmat ko‘rsatish qimmatga tushadigan ish emas, bu umuman arzimas ish. U talab etayotgan va u loyiq bo‘lgan hurmatni ko‘rsatish juda oson», degandi Shyonbah.
Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harakatlarini muhokama qilar ekan, Shyonbah qandaydir tarzda reaksiya qilish kerakligini tan olgan holda, Qrim hech qachon Ukraina tarkibiga qaytmasligini va bu faktni tan olish kerakligini qo‘shimcha qilgan.
Shanba kuni, vitse-admiral Shyonbahning chiqishi nemis matbuoti tomonidan Youtube sahifalarida tarqatilganidan so‘ng mudofaa vazirligi bu so‘zlar Germaniya rasmiy pozitsiyasini ifoda etmasligini ma’lum qildi, flot qo‘mondonining o‘zi esa tvitterda aybiga iqror bo‘ldi.
«Hindistondagi tahliliy institutda xavfsizlik siyosati bobidagi muhokamadagi so‘zlarim mening o‘sha joy va o‘sha vaqtdagi shaxsiy mulohazalarimdir. Bu so‘zlar hech qanaqasiga bundesver rasmiy pozitsiyasini ifoda etmaydi [...]
Men bunday qilmasligim kerak edi, bu ochiqchasiga xato fikr bo‘ldi», deya yozdi vitse-admiral Shyonbah. Bir necha soatdan keyin u iste’foga chiqdi.
Germaniya mudofaa vazirligi ham vitse-admiralning so‘zlari mamlakat rasmiy pozitsiyasini aks ettirmasligini bildirgan. «Ushbu bayonotlar mazmun va shakl jihatidan vazirlik pozitsiyasiga hech qanaqasiga mos kelmaydi», degan vazirlik vakili. Uning qo‘shimcha qilishicha, Shyonbahga bundesver bosh inspektori Eberhard Zorn oldida «mulohaza bildirish imkoni beriladi».
Shyonbahning chiqishi Germaniya Boltiq bo‘yi davlatlariga ulardagi nemis gaubitsalarini (zambarak) Ukrainaga yetkazib berishga taqiq qo‘yishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
Ukraina norozi
Ukraina TIV Germaniya hukumatining bu qarorini ham, nemis floti qo‘mondonining so‘zlarini ham qoraladi.
Ukraina Germaniya hukumatidan harbiy-dengiz kuchlari rahbarining so‘zlarini rad etishni talab qildi. Vazirlik matbuot kotibi Oleg Nikolenko bu «Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hamda Yevropadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni yumshatish harakatlariga putur yetkazishi»ni ta’kidladi.
Germaniyaning Kiyevdagi elchisi Anka Feldguzen Ukraina tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, vazir Dmitriy Kuleba tvitter orqali o‘z pozitsiyasini qisqacha ifodaladi.
«Germaniyaning Ukrainaga mudofaa qurollarini yetkazib berish imkonsizligi, jumladan uchinchi davlat orqali yetkazishga ruxsat yo‘qligi bo‘yicha qarori, Qrimni qaytarishning istiqboli yo‘qligi haqidagi bayonot, Rossiyani SWIFT tizimidan uzish masalasidagi ikkilanish - munosabatlarimiz darajasiga va hozirgi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga to‘g‘ri kelmaydi», deya yozgan ukrainalik vazir. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas